Marg‘ilon shahrida “Sayohat kolbasa mahsulotlari” korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi







Marg‘ilon shahrida 23 yildan buyon aholiga sifatli go‘sht mahsulotlarini yetkazib kelayotgan “Sayohat kolbasa mahsulotlari” korxonasi o‘z faoliyatini yangi, zamonaviy binoda davom ettirmoqda. 2002 yilda tashkil etilgan mazkur korxona yillar davomida go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida katta tajribaga ega bo‘lib, nafaqat Marg‘ilonda, balki butun vodiy viloyatlarida ham ishonchli ishlab chiqaruvchi sifatida tanilgan. Korxona faoliyatini yanada rivojlantirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida Germaniya va Italiya davlatlaridan umumiy qiymati 1 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelindi. Bu esa, o‘z navbatida, mahsulot sifati va ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini bermoqda. Yangi bino ishga tushirilishi munosabati bilan 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonada har oyda 50 tonnadan ortiq turli xil kolbasa va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlar ichki bozordan keltirilgan mol va parranda go‘shtidan tayyorlanib, “halol” talablarga to‘liq javob beradi. Hozirgi kunda “Sayohat kolbasa mahsulotlari” brendi ostida 50 dan ortiq mahsulot turi ishlab chiqarilmoqda. Bugun korxonaning yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda Marg‘ilon shahar hokimi Sh. Nisbatхonov, shahar IIB boshlig‘i F. Bektoshev, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdilar. Korxona rahbari Davronbek Ro‘ziboyevning ta’kidlashicha, yangi uskunalarning ishga tushirilishi natijasida mahsulotlar sifati xalqaro talablar darajasiga yetkaziladi, eksport salohiyati oshiriladi va ishlab chiqarish hajmi yanada kengaytiriladi. Marg‘ilon shahrida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar mahalliy sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining sifatli, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

FUQAROLAR MUROJAATI DOIMIY E’TIBORDA

Sayyor qabul: FUQAROLAR MUROJAATI DOIMIY E‘TIBORDA

FUQAROLAR MUROJAATI DOIMIY E’TIBORDA

Marg‘ilon shahrida “Kitobxon Ayol” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi