MAKTABLARDA BIRINCHI QO‘NGʻIROQ SADOLARI JARANG SOCHDI!








Erta tongdan shahrimiz ko‘chalari yuz-ko‘zlarida quvonch bilan maktab sari oshiqayotgan jajji o‘g‘il-qizlar, o‘quvchi yoshlar bilan gavjum. Butun respublikamizda bo‘lgani kabi shahrimizdagi umumta’lim maktablarida ham “Bilimlar kuni” tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etildi. Xususan, shahardagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan tantanali tadbirda shahar hokimi Shukurulloxon Nisbatxonov ishtirok etib, o‘quvchi yoshlarga yangi o‘quv yilida ulkan zafarlar tiladi. U o‘z so‘zida butun respublikamizda bo‘lgani kabi, ko‘hna va hamisha navqiron Marg‘ilon shahrida ham ta’lim tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etib o‘tdi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli, birgina 2025 yil boshidan shahardagi 3-,15-,16-umumta’lim maktablarida 39,6 mlrd so‘mlik, 3-,8-,36-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 22,5 milliard so‘mlik jami 62,1 milliard so‘mdan ziyodroq qurilish va ta’mirlash ishlari davlat dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 11-sonli umumta’lim maktabi ham Respublika kadastr agentligining 2,5 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan joriy ta’mirdan chiqarildi. Bu yil shahrimizdagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 2237 nafar o‘quvchilar tamomlagan bo‘lsalar, ularning 706 nafari Oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindilar. Quvonarlisi shuki, 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabining bu yilgi 69 nafar 11-sinf bitiruvchilarining barchasi to‘liq 100% ko‘rsatkich bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindilar. Bugungi kunda davlat test sinovlarida yuqori ball to‘plagan, lekin saralash jarayonlarida Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinmagan bitiruvchilarimizni Nodavlat Oliy ta’lim muassasalariga imtiyozlar asosida o‘qishga yuborish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, bugun shahrimizda joylashgan barcha umumta’lim maktablariga 2025/2026-o‘quv yili uchun 1-sinfga jami 4 393 nafar o‘quvchilar qabul qilinib, ular uchun “Prezident sovg‘asi” to‘plamidagi barcha o‘quv qurollari va darsliklar to‘liq yetkazib berildi. Tadbir davomida 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida yangi qurib bitkazilgan 210 o‘rinli o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Alvon lenta qirqilib o‘quvchilar zamonaviy ko‘rinishdagi sinf xonalariga jajji qalblarida ulkan hayajon bilan ilk qadamlarini qo‘ydilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



“VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!”

Marg‘ilon shahrida Xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda

Marg‘ilon shahridagi mahallalarda Mustaqillik bayram tadbirlari davom etmoqda