Do‘stlik va hamjihatlik bayrami: Qo‘shtepa tumanida Navro‘z va Ramazon Hayiti keng nishonlandi








Ko‘p millatli yurtimizda o‘zaro totuvlik va birdamlik tamoyillari ustuvor bo‘lib, har bir bayram katta shodu-xurramlik bilan o‘tadi.
Bugun, Qo‘shtepa tumanida ham Navro‘z va muborak Ramazon Hayiti bayramlari yuqori kayfiyat bilan nishonlandi.
Xususan, “Do‘stlik” mahallasida “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy va ma’rifiy tadbirda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyalari ulug‘landi.
Unda tuman hokimi, mutasaddi idoralarning rahbarlari, mahalliy faollar va jamoatchilik vakillari, shuningdek mahalla ahli ishtirok etishdi.
Navro‘z shukuhi davom etayotgan ushbu kunlarda tashkil etilgan mazkur tadbirda milliy udumlarimizga ko‘ra chalpak va sumalak tayyorlandi. Jonliq so‘yilib, bemor va ehtiyojmand oilalarning iftorlik dasturxoniga tortiq qilish uchun osh damlandi. Yosh kelin-qizlar tomonidan pishirilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Karnay-surnay sadolari, dorbozlar namoyishi-yu, sport va milliy o‘yinlar, kitobxonlik tadbirlari, shuningdek, milliy-hunarmandchilik mahsulotlari va yosh rassomlarning ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi. Muxtasar qilib aytganda, tadbir chinakam xalq sayliga aylanib ketdi.
Tadbirda so‘z olgan tuman hokimi A.Abdullayev barchani bugungi do‘stlik va hamjihatlik tadbiri hamda Ramazon Hayiti bilan tabrikladi.
Tuman Madaniyat bo‘limi, “Kabutar” folklor jamoasi, havaskor yoshlar tomonidan vatan, tinchlik va xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq, raqslardan tayyorlangan musiqiy dastur barchaning qalbiga bahoriy va bayram kayfiyatini ulashdi.
Tadbir davomida mahalla hududidaga hamda 10-umumta’lim maktabiga tuman rahbari A.Abdullayev va tadbir ishtirokchilari tomonidan daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, yoshi ulug‘ va ijtimoiy ximoyaga muhtoj oilalar xolidan xabar olindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz





Marg‘ilonda aholi tomorqasi daromad manbaiga aylanmoqda

Marg‘ilon shahrida "Dolzarb oylik" doirasida ishlar davom etmoqda