Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
QADIMGI MARG’ILON
2018-07-07 17:53:33 364
Meros
Farg’ona vodiysi to’g’risida ilk yozma ma’lumot miloddan avvalgi II-I asrlarga tegishli bo’lib, Shitszi va Xan-shu nomli Xitoy yilnomalarida uchraydi, undan ko’plab ma’lumot qatorida Da-Yuan (ya’ni, Farg’ona) davlatida 70 ta katta va kichik shahar mavjud bo’lganligi qayd etilgan.
Haqiqatdan ham Janubiy Farg’onada xususan Marg’ilonsoyning quyi oqimida joylashgan Marg’ilon hududida so’nggi yillarda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar yuqoridagi ma’lumotni tasdiqlamoqda. Arxeologik qazuv ishlari natijasida Marg’ilon shahrining harbiy qismida joylashgan Mahshad maxallasi o’rnida 2000 yil muqaddam yirik shahar markazi mavjud bo’lganligi aniqlandi. Bu yerda 20-25 gektarlik maydondan o’sha davrning turli moddiy qoldiqlarini o’z ichiga olgan madaniy qatlamlar topildi. Bu o’z navbatida qadimgi shaharning maydoni to’g’risida ma’lumot beradi.
Qazuv ishlari davomida madaniy qatlamlardan qo’lga kiritilgan moddiy qoldiqlar ichida charxda tayyorlanib maxsus bo’yoqlar bilan bo’yalgan va naqshlar bilan bezatilgan yuqori sifatli, nafis sopol idishlar, toshdan yasalgan yorg’uchoq (qo’l tegirmoni), keli va surma toshlar, temirdan yasalgan nayza o’qlari, sopol urchuq toshlar alohida e’tiborga loyiqdir. Ayniqsa, topilgan sopol idishlar, ularning sifati, idish shakllarining xilma-xilligi va o’ta ko’p miqdorda chiqarilganligi milodimizning boshlarida bu yerda yirik, iqtisodiy va savdo markazining mavjudligidan dalolat beradi.
Aholisi zich joylashgan bunday yirik markazning o’ziga xos me’morchilik inshootlari bo’lishi tabiiydir. Bu boradagi izlanishlar davomida shaharning harbiy qismida joylashgan hashamatli bino qoldiqlarini uchratildi. Bino baland aval shakliga ega bo’lgan baland paxsa tagkursi (platforma) ustiga qurilgan bo’lib, tagkursining balandligi 2,7-3 metr, quyi qismidagi maydoni 36x60 kv.m. Yuqoriga ko’tarilgan sari tagkursi maydoni zina shaklida torayib boradi va eng yuqoridagi maydon 20x20 kv,m ni tashkil etadi. Bu tekislangan maydon ustiga bino qurilgan bo’lib, markazda tekislangan kvadrat shaklidagi katta xona va uning atrofi aylana koridordan iborat bo’lgan. Xonaning eni 6x6 kv.m, devorining qalinligi 1 metr bo’lgan, koridorning eni esa 1,6 metr va tashqi devorining qalinligi 1,8 metr, xonaning o’rta qismida bir-biriga yopishtirib qurilgan ikkita o’choq topilgan. O’choqlarning eni 50 sm, uzunligi 70 sm, demak, ikki o’choqning egallab turgan maydoni 100x70 sm. Ushbu o’choqlardan oshxona ehtiyojlari uchun foydalanish noqulay, shu bilan birga ular xonani isitish maqsadida ham ishlatilmagan (chunki u bunday katta xonani isita olmas edi). O’choqlarning funksional vazifasi inshootning arxitekturasidan kelib chiqqan holda hamda solishtirma taxlil yordamida aniqlangan, ya’ni bu kabi o’choqlar, Farg’ona vodiysining sharqiy qismidagi Sultonobod yodgorligida mil. avvalgi II-III asrlarga oid otashparastlar ibodatxonasidan topilgan edi.
Marg’ilondan topilgan shu inshootning ham o’z vaqtida olovga sig’inuvchilarning ibodatxonasi vazifasini o’taganligiga ishonch hosil qilindi. Binoning alohida baland paxsa tagkursi ustiga qurilishi tagkursi ostida 50 sm qalinlikda sun’iy yotqizilgan toza daryo qumining mavjudliligi, (otashparastlarning qarashlariga ko’ra bu ibodatxonaning doim toza turishi uchun maxsus qilingan), binoning arxitekturasi va umuman, hashamatli qilib qurilganligi buning yorqin dalilidir. Xuddi shu shaklda qurilgan otashparastlarning ibodatxonasi Sug’diyonaning qadimgi viloyati Miyomqaladagi Qo’rg’ontepa shahar harobasi hududidan topilgan va uning bir asrga tegishligi aniqlangan.
Marg’ilonsoyning quyi qismida so’nggi yillarda olib borilgan arxeologik izlanishlar quyidagi xulosalarga olib keldi.
Marg’ilon shahrining g’arbiy qismida bunday 2000 yil oldin maydoni 20-25 gektarga teng yirik shahar markazi mavjud bo’lgan.
Bu shahar aholisining dehqonchilik, hunarmandchilik va arxitektura madaniyati yuksak darajada rivojlangan bo’lib, madaniyatini atrof hududlarga ham yoygan. Mazkur davr shahar aholisining diniy qarashlarida olovga sig’inish (otashparastlik) asosiy o’rinni egallagan.
Farrux MADRAHIMOV
Marg’ilon davlat arxivi direktori.