Shrift o'lchami Rang Rasm

“Do’stlik” – fayzli go’shaga aylanadi

×

 2018-06-18 15:29:26    341

PDF yuklash
Chop etish


Joriy yilda shahrimizdagi “Do’stlik” mahallasida “Obod mahalla” dasturiga binoan hududni kompleks yangilash, rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boshlandi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar, tobora keng qamrov kasb etayotgan obodonlashtirish rejalari xususan “Obod mahalla” Dasturi ijrosini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni Yurtboshimizning “…xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o’z hayotida ijobiy o’zgarishlarni ko’rishni istaydi”, degan umidbaxsh da’vatlarining amaliy isboti bo’lmoqda, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi.

Jumladan, shahar hokimining qaroriga ko’ra asosan fuqarolar yig’ini hududida “Obod mahalla” dasturi bo’yicha ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar joriy yil “Yo’l xaritasi”ga kiritilib, amalga oshira boshlandi.

— Qo’shni tuman bilan chegaradosh mahallamiz hududida sezilarli ijobiy o’zgarish- lar qilish, mahallamiz qiyofasini zamonaviylashtirish va fuqarolarimiz yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasini yuksaltirish maqsadida boshlangan ezgu ishlar barchamizni behad quvontirib yubordi, — deydi, mahalla fuqarolar yig’ini raisi Salimaxon Rustamova. -Zero, mahallamiz hududida ko’plab ijtimoiy muammolar yig’ilib qolgandi. Xususan, ko’chalarimizning deyarli yaroqsiz ahvoli, elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotidagi kamchiliklar, aholini ish bilan ta’minlash, yosh oila va tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash, maktabgacha tarbiya muassasasini kengashtirish bilan bog’liq muammolar mahallamiz ahlini qiynab kelayotgandi. Mahallamizni zamonaviy, fayzli go’shaga aylantirish, infratuzilma ob’ektlarini qayta qurib, ta’mirtalab uy-joylar, ta’lim, sport, sog’liqni saqlash muassasalaridagi shart-sharoitlar keskin yangilanishi hammamizga mamnuniyat, ertangi kunga ishonch, g’ayrat-shijoat baxsh etmoqda. Shu bois, mahallamiz ahli — yoshu qari birdek, amalga oshirilayotgan keng qo’lamli ishlarda faol ishtirok etishga bel bog’lagani ayniqsa, quvonchlidir.

Darhaqiqat ishchi guruhi tomonidan o’tkazilgan o’rganishlar jarayonida mahalla hududidagi 201 ta uyning tom qismi, 179 ta xonadon darvozasi, 1246 pogonmetr devorlarni ta’mirlash, 52 pogonmetr yangi devorlar barpo etishga ehtiyoj borligi aniqlandi. Birgina shu maqsad uchun umumiy hisobda “Yo’l xaritasi” asosida 608,9 million so’m mablag’ ajratildi.

“Obod mahalla” dasturi doirasida mahalla hududidagi ijtimoiy soha ob’ekt- larida ham keng qamrovli o’zgarishlar yuz beradi. Misol uchun mahalla hududida yangi tibbiyot va maktabgacha tarbiya muassasalari qad rostlaydi. Hozir har ikki qurilish ob’ektida yer maydonlarini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda. Mazkur ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishini joriy yil 1 noyabrga qadar yakunlash ko’zda tutilmoqda. Buning uchun turli moliyaviy manbaalardan jami 1,780 milliard so’m mablag’ sarflanadi.

Bundan tashqari “Do’stlik” MFYda 535 million so’mlik mablag’ evaziga zamonaviy sport inshoati, kichik dam olish bog’i bilan mahalla guzari ham barpo etishga kirishildi. Mahalla fuqarolari hayot tarzini yaxshilash maqsadida belgilangan reja asosida 2,7 kilometr ichimlik suv tarmog’i rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirdan chiqariladi. Hududdagi 2 ta elektr taqsimlagich tarmog’i ham mukammal ta’mirlanib, 1 ta transformator yangisi va quvvatlirog’iga almashtiriladi. 6 km havo simlari SIP kabellariga almashtiriladi, yangi temir-beton tayanch ustunlar o’rnatiladi.

Bir so’z bilan aytganda uzoq yillar mobaynida mahalla hududida yig’ilib qolgan muammolarga barham berishga astoydil kirishildi. “Obod mahalla” dasturi doirasida bu yerda “Yo’l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qisqa fursatda 5943,8 milliard so’m mablag’ sarflanib hudud xonadonlariga fayz, ko’ngillarga obodlik, ko’tarinkilik baxsh etiladi. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari “Do’stlik” MFY hududiga zamonaviy ko’rinish, fayz bera boshlagani buning yorqin dalilidir. Obod, fayzli makonda yashash zavqi esa mahalla ahli ko’nglida ertangi kunga umid, ishonch va amaliy intilishni kuchaytirmoqda.

Murodillo  MIRZAJONOV,

o’z muxbirimiz.

"Marg’ilon haqiqati"dan olindi.