Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’LIM BOG’IM, GULIMBOG’IM
2018-01-30 17:24:16 353
Istiqlol bunyodkorligi kechayotgan, yangicha zamonaviy uslub va milliylikni o’zida uyg’unlashtirgan holda qad rostlayotgan shahar istirohat va madaniyat bog’iga kirib borar ekansiz, beixtiyor “so’lim bog’im, gulim bog’im” degan jo’shqin so’zlar tilingizdan dilingizga ko’chadi.
Mahobatli, oltinsimon peshtoqli darvozadan kirib boraversangiz, bir tekis yotqizilgan plitkali keng yo’laklar chetlarida saf tortgan qrim archasi, dub, kashtan va lola daraxtlari e’tiboringizni tortadi. Bog’ning o’ng tomonida bo’y cho’zgan sharsimon shakldagi muzqaymoq maydonchasi, yana biroz yursangiz ikki qavatli shoir Erkin Vohidov nomidagi muhtasham muzey, viloyat yozuvchilar uyushmasi, yosh ijodkorlar maktabi, musiqiy zal, hamda yosh ijodkorlar uchun 50 o’rinli turar joy (yotoqxona), salkam ikki ming kishilik amfiteatr binolarida ichki pardozlash ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Bog’ning chap tomonida esa Nuroniylar uyi, yog’ochli naqshinkor ko’rinishdagi milliy ayvoni, bog’ ma’muriyati binolari qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Bundan tashqari, bunyod etilishi ko’zda tutilayotgan 4 ta favvoralarning ham qurilishi avjida.
-Bog’da ish hamisha qizg’in. Quruvchi yigitlar g’ayrat-shijoat bilan bog’imizdagi bunyodkorlik ishlarida jonbozlik ko’rsatib mehnat qilmoqdalar. Asosiysi har bir ish sifatli va mukammal amalga oshirilmoqda. Elning ko’ngilochar, sevimli maskaniga aylanadigan istirohat bog’ini ko’rganda ko’zimizu ko’nglimiz quvnaydigan chinakam dam olish maskaniga aylantirish, keksalar, yoshlar, ayollar va bolalarga shodlik baxsh etish asosiy maqsadimizdir. Mehnatkashlar mehnatdan so’ng hordiq chiqarish uchun huzurbaxsh, go’zal va betakror go’shaga oshiqadilar, — deydi quruvchi muhandis Shuhrat Usmonov. — Bu maftunkor bog’imiz ham kelajakda xalqimiz orzu umidlarini ro’yobga chiqaradigan, shahrimizning eng gavjum va fayzli maskaniga aylanishiga shak-shubha yo’q. Axir u kundan-kunga chiroy ochib, sehrli, ajib tarovatga to’lib bormoqda.
Inson qo’li gul. Uning mehnati bilan yaratilgan tarixiy obidalar zamonni moziy bilan bog’laydi. Istirohat bog’i ham nafaqat zamondoshlarimiz balki, kelajak avlodlarga ham zavq va shavq bag’ishlashi, ularning ko’ngilli dam olishlariga xizmat qilishi shubhasiz. Ashurali Mirzayev, Keldiboy Ro’zimatov kabi mohir quruvchilar kunlik ish sur’atini oshirib astoydil mehnat qilmoqdalar. Ular bajarayotgan barcha ishlar tahsinu olqisharga loyiqdir.
Kuzning so’nggi kunlari bo’lishiga qaramay, quyosh o’z jamolini ko’z-ko’z aylamoqda. Bog’ yo’laklariga uning zarrin nurlari tushib, tangachalar hosil qilayotir. ida kuyosh iliqligi jo bo’lgan mahoratli ustalar yaratilayotgan binolarga ko’rk va husn bag’ishlab uning yanada jozibador bo’lishi yo’lida fidoyilik ko’rsatmoqdalar.
Masturaxon SAIDMURODOVA.
D.RAHMONOV olgan surat.