Shrift o'lchami Rang Rasm

VATAN OSUDA – OILA TINCH

×

 2018-01-14 17:53:02    429

PDF yuklash
Chop etish


14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni

Inson umri davomida orzu-o’y, havas, izlanish bilan hamohang qadam tashlaydi, doimo oldinga intiladi. O’z maqsadi yo’lida mashaqqatli zahmat chekadi. O’z ona-Vatanida yashaydigan fidoiy insonlarda oliy tuyg’u borki, bu ona-Vatan, el – yurt tashvishi bilan yashashdir.

Vatan – bu insonning tug’ilib o’sgan joyi, yurti, mamlakati, tarixiy muayyan millatga tegishli hudud, hamda uning tabiati, aholisi, o’ziga xos urf-odatlari majmuidir. Vatan – ona kabi yagona va muqaddas. Vatan oldidagi burch tuyg’usi, mas’uliyati har bir yetuk insonga xos xususiyatdir. Inson shu aziz maskan bag’rida o’sadi, ulg’ayadi, Vatanga bo’lgan mehr – muhabbat tuyg’usi shakllanadi. Insonga o’z tug’ilib o’sgan Vatanida yashashlik – bu ulug’ ne’matdir.

Har bir davlat, har bir millat bugungi yorug’ osuda hayoti, o’z xalqining farovon kelajagi uchun yovuz kuchlardan va yot g’oyalardan o’z xavfsizligi, chegaralari daxlsizligini mustahkamlashga alohida e’tibor beradi.

O’zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan keyin mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligi, barcha harbiy qism va bo’linmalar 1992 yil 14 yanvar kuni davlatimiz tasarrufiga, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga o’tkazildi. Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash, aholi tinchligini hamda mamlakatda olib borilayotgan bunyodkorona mehnatlarini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik yo’lida tarbiyalash, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilayotgan xizmatchi va askarlarni mehnatlarini qadrlash maqsadida 1993 yil 23 dekabr kuni 14 yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.

Harbiy saflarda xizmat qilish – har qaysi millat va xalqning navqiron o’g’loni uchun muqaddas sajdagoh bo’lmish ona-Vatanni qadrlash, uning erkinligi va ozodligini himoya qilish yo’lida jonini fido qilish qadim-qadimdan or-nomus va mardlik belgisi bo’lib kelgan.

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotgan harbiylarimiz xizmat vazifalari davomida o’zlarining jismoniy qudratlari va jangovar tayyorgarliklarini rivojlantirishlari bilan birga armiya mudofaa himoyasini o’ziga xos bo’lgan harbiy usul va zamonaviy fan yutuqlaridan kelib chiqqan holda harbiy taktikalarni o’rganib kelayotganliklari bizlarni quvontirmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda harbiylar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, ularning oilalariga ko’rsatilayotgan g’amxo’rliklar, harbiy xizmatchilarimizni o’z vazifalarini mas’uliyat bilan sidqidildan bajarishga undamoqda.

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchi va askarlarning tafakkurini vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirishda va singdirishda, buyuk bobokalonlarimiz va ajdodlarimizning boy madaniy-tarixiy meroslarini o’rganishda, harbiy an’analarga sodiqlik, ona-Vatanga muhabbat, sadoqat ruhini qaror toptirishda, o’z burchlarini sidqidildan o’tashda harbiy musiqa san’atining o’rni beqiyosdir. Musiqa tarixiy davrlarga xos ruhiy tarovat, ijtimoiy fikr va kechinmalarni umumlashgan holda ifodalab, har bir davrning ma’naviy-ijtimoiy talablariga javob bergan holda inson hayotining asosiy mazmuni bo’lib kelgan. O’tmishda barcha xalqlar musiqaning – ijtimoiy tafakkur kuchidan foydalangan holda o’z harbiy qo’shinlarining jangovarlik tayyorgarligini oshirishda alohida maqsadlarda foydalangan. Musiqa ritmidagi tovushlar ohanglari harbiy xizmatchi va askarlarni jangovarlik qobiliyatlarini rivojlantirishda ulardagi iste’dod, harbiy iqtidor va tafakkurlarini o’stirishda katta yordam beradi. Ular harbiy ohanglardagi musiqani eshitib va ashula aytib saf tortib yurganlarida ulardagi shahdamlik va ko’tarinkilik, jangovarlik iste’dodlarini va salohiyatlarini oshirishda muhim vositadir.

O’rta Osiyo xalqlarida jangovarlik harakatlarida qo’shinlarni boshqarishda karnay, surnay, dovul, nog’ora cholg’u asboblaridan foydalangan hollarda g’alaba ruhidagi “Sarbozchi”, “Usmoniya”, “Askariy” kabi kuylar chalingan.

1939 yilda Toshkentda “Turkiston Harbiy okrugi ashula va raqs ansambli” tashkil etilib, 1992 yilda bu ansambl O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Markaziy ashula va raqs ansambli” nomi bilan atalib kelinmoqda. Bu ansambl dasturlaridagi A.Nazarovning “Ona yurt”, “Serjant”, K.Raxmatovning “Har bahor, har kuzda”, “Turkiston farzandlari”, R.Abdullayevning “Shodlik”, D.Qarshiyevning “Yigitlar”, Z.Umarovaning “Shu tinchlikni asramoq kerak”, “O’zbekiston”, “O’zbek ofitserlari” kabi ashula va marsh musiqa asarlarini mamlakatimizda yashayotgan barcha fuqarolar maroq bilan tinglab kelishmoqda.

Bu musiqa asarlari nafaqat armiya saflarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimizni jangovarlik qobiliyatlarini va tafakkurlarini shakllantirishda, balki mamlakatimizda o’sib kelayotgan kelajagimiz faxri bo’lgan yoshlarimizni ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda, tarixiy milliy qadriyatlarimizni ardoqlab o’rganishlarida va dildan his qilishlarida asosiy tarbiya vositasi bo’lib xizmat qilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz o’zlarini faoliyatlari davomida yurtimizni tunu-kun tinchligi va ertangi kun farovonligi yo’lida o’z hayotlarini bag’ishlab qilayotgan zaxmatli mehnatlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, har bir oila tinchligining garovidir.

Ulug’bek RAHMONOV

Diloromxon RAHMONOVA

Pedagogika kolleji o’qituvchilari.