Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KORRUPSIYA – TARAQQIYOTGA JIDDIY TO‘SIQ. KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHDAGI SAMARALI YECHIM.
2024-02-16 16:41:11 10811
Korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illatdir. U demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, jinoyatchilikning ko‘payishiga sharoit yaratib beradi. Korrupsiya oqibatida milliy iqtisodiyot izdan chiqadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, hokimiyatga ishonch yo‘qoladi, aholi o‘rtasida noroziliklar kelib chiqadi.
Bunday jinoyatlarning ko‘plab sodir etilishi iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi hamda fuqarolarning davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin. Shu ma’noda, korrupsiyani davlatga, jamiyatga va xalqqa qarshi jinoyat sifatida ta’riflash maqsadga muvofiqdir.
Qayd etilganidek, korrupsiya taraqqiyot uchun jiddiy g‘ov va afsuski, bu illat tobora kuchayib bormoqda. Agar korrupsiya 2005-yilda dunyo iqtisodiyotiga 80 milliard AQSH dollari miqdorida zarar yetkazgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019-yilda 2,6 trillion AQSH dollariga yetgan.
Mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.
2017-yil 3-yanvarda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi deyish mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, bu boradagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari mustahkamlangan ushbu qonun bugungi kunda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash, davlat organlari, mansabdor shaxslarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirishga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.
2020-yil 29-iyunda «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agbentligi tashkil etildi. Agentlik ayni paytda o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
2023-yil 27-noyabrda «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 9 ta ustuvor yo‘nalish, 30 ta muhim chora-tadbirlardan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga oid xabarlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xaridlarida tovar (ish va xizmatlar)ning narxlarini nazorat qilish mexanizmlarini yaratish, Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish, soha bo‘yicha milliy ekspertlar jamoasini bosqichma-bosqich shakllantirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish kabi bir qator muhim maqsadlar belgilangan.
Bundan tashqari, 2023-yil 20-dekabr kuni davlat rahbari raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqish va unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi va sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlaridan biri davlat organlari faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi. Axborot texnologiyalaridan foydalanishni «elektron davlat» atamasi birlashtiradi, bu esa, o‘z navbatida, «elektron hukumat», «elektron parlament», «elektron adliya» kabi tushunchalarni qamrab oladi. Elektron adliya deganda, ma’lumotlarni raqamli qayta ishlashga ega texnik tizimlardan foydalanishga asoslangan odil sudlovni amalga oshirish usuli tushuniladi.
Raqamli texnologiyalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida foydalanish uchun keng istiqbolga ega. Shu bilan birga, ularni qo‘llash doirasini ikkita vektorga bo‘lish mumkin:
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish, tekshirish, bashorat qilish va monitoring qilish yo‘li bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda bevosita qo‘llash;
– davlat organlari faoliyatida samaradorlik, hisobdorlik va oshkoralik tamoyillarini ilgari surish orqali korrupsiyaga bilvosita ta’sir qilishda qo‘llash.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda sun’iy intellektdan foydalanishga oid misollar nisbatan kam bo‘lsa-da, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, undan foydalanish korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish va bashorat qilish jarayonini sezilarli darajada osonlashtirishi mumkin.
Vakolatli organlar uchun juda murakkab va ko‘p vaqt talab qilishi mumkin bo‘lgan katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashni tezlashtirish vaqt va boshqa resurslarni sarflashni optimallashtiradi va diqqatni faqat eng muhim ma’lumotlarga, masalan, ehtimollik darajasi yuqori bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar mavjudligini (sodir etish imkoniyatini) ko‘rsatuvchi ma’lumotlarga qaratadi. Buyuk Britaniyada sun’iy intellektdan foydalanish tergovchilarga atigi bir necha oy ichida 30 milliondan ortiq hujjatlarni tahlil qilish va tergovga tegishli ma’lumotlarni tanlash imkonini berdi.
Sun’iy intellekt anomaliyalarni, korrupsiyaning ehtimoliy buzilishlarini ko‘rsatadigan «qizil bayroqlar»ni ancha yuqori aniqlik bilan erta aniqlashga yordam beradi. Misol uchun, Ispaniyada tadqiqotchilar neyron tarmoqlarga asoslangan modelni ishlab chiqdilar, bu ularga mamlakat hududlarida korrupsiya qonunbuzarliklari ehtimolini hisoblash va ularni amalga oshirishga yaratilgan qulay shart-sharoitlarni aniqlash imkonini berdi.
Shunday qilib, bir qator funksiyalarni sun’iy intellektga o‘tkazish orqali qo‘shimcha korrupsiya xavfini keltirib chiqaradigan inson omilining ta’sirini kamaytirish mumkin.
Taqsimlangan ma’lumotlar (distributed database) bazalarining texnologiyalaridan biri bo‘lgan blokcheyn hokimiyat va tashkilotlar faoliyatining shaffofligini va ular boshqarayotgan ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashda foydalanish uchun keng imkoniyatlarga ega. Korrupsiyaga qarshi kurash maqsadida ushbu texnologiyadan, masalan, yer reyestrini yuritish, byudjet ma’lumotlarini oshkor qilish, shartnomalarni bajarish, tranz-aksiyalarni amalga oshirish va ta’minot zanjirlarini boshqarishda foydalanish mumkin:
blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda yaratilgan shaffof va hisob beruvchi tizim vijdonsiz shaxslarga ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish va firibgarlik yoki korrupsion faoliyatni amalga oshirishni qiyinlashtiradi;
blokcheyn texnologiyasiga asoslangan tizimda amalga oshirilgan tranz-aksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki o‘chirishning mumkin emasligi barcha tranz-aksiyalarning to‘liq va ochiq ma’lumotlar bazasini yaratish hamda ma’lumotlarni adolatsiz o‘zgartirish xavfini minimallashtirish imkonini beradi;
ta’minot zanjirini boshqarishda blokcheyn texnologiyasidan foydalanish, xususan, hisobni yuritish va kuzatib borish imkoniyatlarini yaratadi.
Big data katta ma’lumotlar tahlilidan korrupsiyaga qarshi kurashishda ikkita asosiy yo‘nalishda foydalanish mumkin:
- shubhali operatsiyalarni aniqlash, tekshirish, monitoring qilish korrupsiya xavfini baholash. Masalan, Budapeshtdagi korrupsiyani o‘rganish markazi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida davlat xaridlarini monitoring qilish uchun Big data ma’lumotlar tahlilidan foydalanadi, juda qisqa tender muddatlari yoki g‘ayrioddiy natijalar (masalan, tenderlarda raqobatning yo‘qligi yoki bir xil tashkilot tomonidan qayta-qayta g‘alaba qozonish) kabi anomaliyalarni aniqlaydi.
Aytish joizki, raqamlashtirish orqali inson omili kamaytiriladi va axborot tizimlari bilan ishlashga o‘tiladi. Inson omilini kamaytirish – korrupsiyaning «oyog‘iga bolta urish»dir.
Lazizbek Xazratkulov?
Jinoyat ishlari bo'yicha Marg'ilon shahar sudining sudyasi.