Shrift o'lchami Rang Rasm

MARGʻILONDA ASKIYA MAKTABI BUNYOD ETILADI

×

 2023-03-24 14:20:07    222

PDF yuklash
Chop etish


Prezidentimiz tashabbusi bilan Marg‘ilon shahrida askiya maktabi quriladigan bo‘ldi. Xalq ijodida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan, xususan, Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan askiyaga bolalikdan mehr qo‘yganmiz. Sayil va tomoshalar askiyasiz o‘tmasdi. “Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?» deb boshlanadigan ikki guruhning tarafma-taraf bahsini, so‘z o‘yinlariyu qiziq-qiziq hangomalardan yurakdan otilib chiqqan qah-qahalar gullagan davralarni qo‘msaymiz.
Hozir ham askiya xalq san’atining bir turi sifatida o‘z muxlislariga ega. O‘ziga xos askiya maktabiga ega bo‘lgan Marg‘ilonni tilga olishimiz bilan ko‘z o‘ngimizda Yusufjon qiziq Shakarjonov, Oxunjon qiziq Huzurjonov, Zaynobiddin qiziq Yusupov kabi kulgi ustalarining yorqin siymolari jonlanadi. Foziljon Sultonov, Qodirxon Usmonov, Muhiddin Darveshov singari askiya namoyandalarining nomi hanuz hurmat bilan tilga olinadi. Ularning Mamasiddiq Shirayev, Muhiddin Sultonov, Abdulla Akbarov singari munosib izdoshlarining askiyani san’at darajasiga ko‘tarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, albatta, e’tiborga molik. Istirohat bog‘lari, “Otalar choyxonasi”da muntazam o‘tkazib kelinayotgan askiya kechalari, kulgi bayramlari, namoyish etilayotgan qiziqchilik dasturlari ayni muddao.
Prezident Shavkat Mirziyoyev  joriy yilning 21 mart kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tgan Navro‘z shodiyonalarida milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarini kuzatdi. Shu yerda farg‘onalik san’at ustalari bilan suhbatlashib, askiya maktabini tashkil etish bo‘yicha taklif berdi.
@fargonamanaviyhayoti