Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ISTIQBOL EGALARIGA KENG YO’L
2018-07-18 06:08:28 355
Yoshlar har qanday jamiyatning kelajagini belgilab beruvchi juda katta ijtimoiy va iqtisodiy kuchdir. Qaysi yurtda yoshlar kelajagiga alohida e’tibor qaratilsa, o’sha yerda ulkan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ma’naviy-ma’rifiy yuksalish amalga oshadi. Yoshlari tarbiyalangan, bilimdon, ishbilarmon, o’z mustaqil fikriga ega, tashabbuskor yurtning kelajagi hamisha gullab-yashnaydi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27 iyun kuni qabul qilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to’g’risida”gi farmoni aynan ana shu EZGU maqsadni o’zida ifoda etgan desak, mubolag’a qilmagan bo’lamiz. Mazkur Farmonda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g’oyalari va loyihalarini ro’yobga chiqarishga, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish ko’zda tutilgan. Yurtboshimiz Farmonda joylarda bunga to’sqinlik qilayotgan tizimli muammolar hanuzgacha saqlanib qolganligiga tanqidiy fikr bildirar ekan jumladan shunday deydi:
“…yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishga faol jalb qilish bo’yicha joylarda maqsadli dasturlar amalga oshirilmayapti hamda zarur infratuzilma yaratilmagan, bu esa yangi ish o’rinlari yaratishning eng muhim sharti hisoblanadi.
Joylarda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoshlarning tadbirkorlik savodxonligini oshirishga, ularga biznes tashkil etish va yuritish ko’nikmalarini singdirishga hali ham befarq va beparvo munosabatda bo’lmoqda”.
Darhaqiqat, Farmonda tilga olib o’tilgan kamchiliklar, ya’ni yoshlarga oid Davlat siyosatini to’laqonli amalga oshirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka jalb etish, ulkan yaratuvchi ijtimoiy kuch bo’lgan yoshlarga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish kabilarga e’tiborsizlik yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, ulkan yutuqlarni qo’lga kiritishga to’sqinlik qilmoqda. Natijada ko’p- lab yoshlarimizning hayotda o’z joyini topishi juda murakkab jarayonga aylanib bormoqda. Shu bois ham mazkur Farmon va Davlat dasturi bu borada qo’- yilgan ulkan qadam bo’ldi. Chunki unda ishga joylasha olmayotgan yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan kasblarga o’qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko’nikmalarini singdirishga ham alohida e’tibor qaratilgan bo’lib, bu maqsadlarni amalga oshirish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini tuzish, savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo’lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish ko’zda tutilgan.
Marg’ilon Pedagogika kollejini har yili yuzlab yoshlar tamomlab hayotga yo’llanma oladilar. Ana shu yoshlarning aksariyati “mehnat kuchi haddan ziyod bo’lgan” hududlarda istiqomat qiladilar. Sir emaski, ularning asosiy qismi o’z mutaxassisligi bo’yicha ishga joylasha olishmaydi. Tadbirkorlik bilan shug’ullanish uchun esa kollejda olgan bilimlari yetarli emas, chunki mazkur ta’lim dargohida asosan o’rta maxsus ma’lumotga ega pedagog mutaxassislar tayyorlanadi. Shuning uchun har yili Pedagogika kollejining ko’plab bitiruvchilari oldida mutaxassisligi bo’yicha ishga joylasha olmaslik muammosi ko’ndalang bo’lib turadi.
Joriy o’quv yilida ham yoshlarimizdan 937 nafari kollejimizni bitirib chiqishdi. Jumladan, “Boshlang’ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishi” yo’nalishi bo’yicha 240 nafar, “Maktabgacha ta’lim” yo’nalishi bo’yicha 324 nafar, “Murabbiy–instruktor” yo’nalishi bo’yicha 172 nafar, “Amaliy san’at” yo’nalishi bo’yicha 10 nafar bitiruvchiga pedagogika kolleji diplomlari topshirildi. Shulardan 816 nafarini qizlar tashkil etadi. Bitiruvchilarning 926 nafari bilan mutaxassisliklari bo’yicha diplomoldi amaliyotini o’tash uchun yashash joyiga yaqin bo’lgan tashkilot va korxonalar ishtirokida to’rt tomonlama shartnomalar tuzilgan. Albatta, bu tadbirlar yoshlarimizni ishsiz qoldirmaslik uchun amalga oshirilgan bo’lsa-da, hali barcha bitiruvchilar o’z mutaxassisliklari bo’yicha to’liq ishga joylashganligini bildirmaydi. Shuning uchun kollej ma’muriyati va pedagogik xodimlari tomonidan Prezidentimizning mazkur Farmoni juda katta qiziqish va ko’tarinkilik bilan kutib olindi va bu borada muayyan ishlarni amalga oshirish boshlab yuborildi. Jumladan, shu kungacha o’z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo’lgan 95 nafar bitiruvchining ota-onalari taklif etilib, ular bilan farzandlarining kelajagi, yoshlarimizga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, tadbirkorlik yo’nalishlari va bunga doir imkoniyatlar haqida suhbatlar o’tkazildi. Suhbatlar natijasida bugungi kunga qadar 30 nafar bitiruvchining zarur hujjatlari rasmiylashtirilib, OATB Qishloq qurilish banki Marg’ilon shahar bo’limiga yo’naltirildi.
Kollejda bitiruvchi yoshlarni Prezidentimiz Farmoni hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi talablaridan kelib chiqqan holda tadbirkorlik faoliyatiga yo’naltirishga doir ishlarni amalga oshirish uchun zarur tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda bitiruvchilarga mazkur Farmon va Davlat dasturining tub mohiyatini tushuntirish, ular asosida yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g’oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko’mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko’rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari tashkil etilishi nazarda tutilayotganligi uqtirish ishlarini amalga oshirish uchun zarur choralar ko’rilmoqda. Shu maqsadda bugungi kunda pedagogika kolleji ma’muriyati va pedagog xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, bajariladigan ishlar ko’lami belgilab olindi va yuqorida aytib o’tganimizdek dastlabki natijalarga erishildi. Bu ishchi guruh oldiga qo’yilgan eng asosiy vazifalar barcha bitiruvchilarni kollejga taklif etish, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish orqali shahar va tumanlar hokimliklari, tegish- li korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari va mutaxassislari ishtirokida Prezidentimiz Farmoni hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi yuzasidan suhbatlar uyushtirish, tadbirkorlik turlari va ular bilan shug’ullanishning yo’l-yo’riqlari, yosh tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar, kreditlar hamda ularni rasmiylashtirish tartib-qoidalari yuzasidan har taraflama keng qamrovli tushuntirish ishlarini o’tkazish rejalashtirilgan. O’ylaymizki, bu tadbirlar o’zining ijobiy samarasini beradi va yuzlab yoshlarimizning o’z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Nigoraxon TEShABAYEVA,
Pedagogika kolleji direktori,
Oybek MATMUSAYEV,
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari.
"Marg’ilon haqiqati" gazetasidan olindi