Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
GAZ O’G’RILARI
2018-03-05 10:16:04 396
Jinoyatga jazo muqarrar
Tabiiy va suyultirilgan gaz ballonlari aholining turmush farovonligini oshirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida davlat tomonidan yetkazib beriladigan qimmatbaho ne’matdir. Uni behuda isrof etish yoki noqonuniy foydalanish qonunlarga zid hisoblanadi.
Sudlanuvchilar X.Kenjayev «Vodiygazta’minot» unitar korxonasi Yozyovon tuman filiali bosh-lig’i, M.Nishonov esa filialning mijozlar bo’limi boshlig’i lavozimida ishlagan. Ular mansabdor shaxs bo’lsa-da, o’z lavozimlarini suiste’mol qilib, xalq va davlat ishonchini oqlamasdan, mansab yo’riqnomasi bo’yicha aholining tabiiy gazga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish, undan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olish choralarini ko’rishi lozim bo’lsada, o’z xizmat vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo’lib, kasbiy burchlarini bajarmasdan “Vodiygazta’minot” unitar korxonasidan sotib olingan tabiiy gazni o’z vaqtida va tegishli miqdorlarda mijozlarga yetkazib berilishida qonunbuzarlikka yo’l qo’yishgan.
Shuningdek, X.Kenjayevning qo’l ostidagi xodimlar ustidan nazoratni ham susaytirib yuborganligi oqibatida filial suyultirilgan gaz ta’minotchisi A.Nabiyev “Vodiygazta’minot” UK tuman filiali balansidagi 196 dona, qiymati 39 mln 278 ming 400 so’mlik maishiy suyultirilgan gaz ballonlarini hamda ushbu ballonlar sotuvidan kelib tushgan 7 mln. 397,2 ming so’m pul mablag’larini, o’zlashtirish va rastrata yo’li bilan talon-taroj qilgan.
Aybdor X.Kenjayev o’zining jinoiy xatti- harakatlarini davom ettirib, M.Nishonov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, filialning avtomatlashtirilgan tizim boshqaruvi yetakchi muhandisi G’.Mo’minjonov ishtirokida mansab soxtakorligiga yo’l qo’ygan. Xususan, ular 205,6 m3 miqdoridagi, qiymati 50 mln 614 ming 200 so’mlik noma’lum usullar bilan sarflangan tabiiy gaz iste’molini yashirish maqsadida, tuman tabiiy gaz iste’molchilarining hisob-kitob varaqalariga soxta yozuvlar kiritib, tumanning, Bahor mahallasida yashovchi 60 nafar aholiga 20 mln 212,4 ming so’mlik, Ittifoq mahallasida yashovchi 11 nafar tabiiy gaz istem’olchilariga 14,1 ming m3 hajmdagi gaz miqdori uchun 3 mln. 478,6 ming so’mlik, Nav-ro’z mahallasida yashovchi 12 nafar tabiiy gaz iste’molchilariga ham 3 mln. 562.2 ming so’mlik, Soybo’yi-2 mahallasida yashovchi 19 nafar tabiiy gaz iste’molchilariga 5 mln. 609.6 ming so’mlik, Toshhovuz mahallasida yashovchi 3 nafar tabiiy gaz istem’olchilariga esa 1 mln. 208.3 ming so’mlik, Yuqori Soybo’yi mahallasida yashovchi 38 nafar tabiiy gaz iste’molchilariga 16 mln. 542.8 ming so’mlik, jami 205.6 ming m3 miqdordagi, qiymati 50 mln. 614.2 ming so’mlik , aslida iste’mol qilinmagan tabiiy gazni hisobot hujjatlariga qo’shib yozib, orttirib hisoblab, iste’molchilar huquqlarini poymol etganlar. Achinarlisi, soxta gaz iste’moli uchun aholidan 23 mln. 095.6 ming so’m mablag’ nohaq undirib olingan.
J.Usmonov 2017 yilning mart oyi boshlarida tumanning, Toshhovuz mahallasi hududida joylashgan ohak sexini ijara to’lovi asosida fuqarolar X.Zulunov va O.Ermatovlarga foydalanish uchun beradi. Biroq, J.Usmonov o’zganing mol-mulkini aldash yo’li bilan qo’lga kiritish maqsadida ijarachilarga ohak sexini to’la quvvat bilan ishlatish uchun gazdan foydalanish zarurligini, o’z akasi K.Usmonov muqaddam “Vodiygazta’minot” UKning tuman filialida boshliq vazifasida ishlaganligini, shuning uchun tanishlari ko’pligini, agarda 2 ming AQSh dollari miqdorida pora berishsa, ularga gazdan foydalanish uchun ruxsat olib berishini ma’lum qiladi. O’z navbatida O.Ermatov va X.Zulunov ham ohak sexini ishlatish uchun gazdan foydalanish masalasini qonuniy hal etish o’rniga egri yo’lni tanlashgan. Ular J.Usmonovga mazkur ohak sexi yonida 1000 AQSh dollari miqdorida, oradan yetti kun o’tib huddi shu joyda yana 3 mln. 730 ming so’m, oradan bir hafta o’tgach esa shaharchaning, Mustaqillik va Andijon ko’chalari kesishgan chorrahalarda uchrashib, 3 mln 730 ming so’m miqdoridagi pullarni pora tariqasida berganlar. J.Usmonov esa ushbu pullarni o’ylamasdan o’z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
O’zlaricha gazchilarning og’zini moylagan X.Zulunov va O.Ermatovlar foydalanishida bo’lgan ohak sexini gaz tarmog’iga noqonuniy yo’l bilan ulab, bemalol foydalaveradilar. Tumanda aholining gaz bosimi pasayib , shikoyatlar ko’payib ketgach, sex tarmoqdan uzib qo’yiladi. Ikki “tadbirkorlar” ohak sexini gaz tarmog’iga qayta ulash maqsadida 100 AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida rahbar cho’ntagiga solib qo’yishadi. Davlat mulkini o’zlashtirib cho’ntagi qappayotgan rahbarning “iltifoti” tufayli soxta tadbirkorlar 43 kun davomida tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib, 22 mln 614.8 so’mlik, ya’ni 91 ming 893 m3 tabiiy gazni o’zlashtirish yo’li bilan talon-taroj qilib yuborgan.
«Vodiygazta’minoti” UK Yozyovon tuman filiali ishchi-xodimlariga umumiy rahbarlik qilish, fond bo’yicha ajratilgan tabiiy gazni to’g’ri sarflanishini nazorat qilish, suyultirilgan gazni shartnoma va tuman hokimining jadvali asosida aholiga o’z vaqtida yetkazib berilishini nazorat qilish, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanib olgan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko’rish kabi mansab mas’uliyatini unutib, qonunbuzarlikka yo’l qo’ygan X. Kenjayev jinoiy javobgarlikka tortildi.
Arzimagan pora evaziga davlat mulki hisoblanmish tabiiy gazni xotamtoylik bilan ohak sexi ijarchilariga in’om etgan H. Kenjayev 2 (ikki) yil 6 (olti) oy davlat korxonalarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, tunning kechki soatlarida yashash joyidan chiqmaslik sharti bilan 4 (to’rt) yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shuningdek, davlat va xalq manfaatiga moddiy putur yetkazgan boshqa sudlanuvchilar ham o’z qilmishlariga yarasha jazolandilar.
Zero, davlat mulkiga ko’z olaytirgan nafs bandalari sudning qora kursisida o’tirib, o’z qilmishlaridan uyaldilar, unga xiyonat qilish kechirilmas xato ekanliginii anglab yetdilar.
Masturaxon OBIDJON qizi.
“Marg’ilon haqiqati” gazetasidan olindi.