Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Marg’ilon bozori – Respublika e’tirofida
2018-03-01 08:21:43 580
Ma’lumki butun jahon iqtisodiy tizimida qimmatli qog’ozlar bozori o’ziga xos o’rin tutadi. Shuni ta’kidlash lozimki, dunyo aholisining har oltidan biri topayotgan daromadi qimmatli qog’ozlardan olinadigan foyda hisobiga to’g’ri kelmoqda. Bizning yurtimizda bu soha endi rivojlanib borayapti.
Shahrimizdagi bir qator korxonalar tomonidan ham qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Marg’ilon fayz savdo kompleksi” AJ tomonidan amalga oshirlayotgan ishlar nafaqat shahar, viloyat balki Respublika miqyosida ham e’tirof etilmoqda. Yaqinda Toshkentdan xushxabar keldi. Aksionerlik jamiyati “Toshkent” Respublika fond birjasida tuzilgan bitimlar soni bo’yicha eng yaxshi emitetga ega bo’lgan jamoa konkursida g’olib deb topildi, Diplom hamda fond birjasining lavx yozilgan yorlig’iga ham ega bo’ldi.
Shuni alohida e’tirof etish lozimki aksionerlik jamiyati tomonidan o’tgan yili fond birjasi orqali 1,5 milliard so’mlik aksiyalar joylashtirildi. Aksiyalar soni jihatidan sohada korxonalar orasida savdo kompleksi Respublikada eng yuqori natijaga erishdi. 1,5 milliondan ortiq aksiya birja orqali mamlakatimizdagi tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fuqarolarga tarqatildi. Aksiyalar soni 2016 yilga nisbatan 20 foizga ko’payganligini ham ta’kidlab o’tish lozim.
— Qimmatli qog’ozlar bozoridan olinayotgan daromadlarni asosan savdo kompleksini yanada kengaytirish, rivojlantirish, zamonaviy texnika vositalarini savdo ishlarida qo’llash masalalariga yo’naltirayapmiz, — deydi aksionerlik jamiyati rahbari Ulug’bek Ro’ziyev. – Faqat o’tgan yilning o’zida beshta “Adras” pavilionlari qurilib, 170 ta savdo o’rinlari foydalanishga topshirildi. Yangi pavilionlarni ishga tushirilishi 170 dan ziyod yangi ishchi o’rinlarini yaratish imkonini berdi. Biz bu yil ham bunyodkorlik ishlarimizni yanada rivojlantirish rejalarini belgilaganmiz. Shahrimizga keladigan mehmonlar, ayniqsa chet ellik sayyohlarning qiziqishlarini e’tiborga olib “Milliy hunarmandchilik” rastalarini qurishni rejalashtiryapmiz. Bu esa yana yangidan 200 ta ishchi o’rinlari degan so’z.
AJ rahbari tanlov g’olibi sifatida Ispaniya mamlakatida qimmatli qog’ozlar masalalariga bag’ishlab o’tkaziladigan seminarga taklif etildi.
Shahrimizdagi yana bir savdo kompleksi – “Dehqon bozori” aksionerlik jamiyati o’tgan yil yakunlari bo’yicha viloyat bozorlari ichida o’tkazilgan tanlovda g’olib deb topilib, viloyat hokimligining “Faxriy yorlig’i” va qimmatbaho sovg’asi bilan taqdirlangan edi. Yaqinda esa jamoaga viloyatdagi bozorlar orasida kam ta’minlangan oilalarni qo’llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan xayriya ishlari uchun “Faxriy yorliq” va qimmatbaho sovg’a topshirildi.
Jamoada zamonaviy savdo usullaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlash lozim. Asosiy kompleks va hayvon bozori hududiga ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmog’i tortildi. Asosan bayram kunlari tashkil qilinadigan arzon narxdagi qishloq xo’jalik mahsulotlari savdo yarmarkasini yil bo’yi doimiy ishlashi ham yo’lga qo’yildi. Bu yarmarkada mol go’shti 26 ming so’mdan, qo’y go’shti esa 30 ming so’mdan sotilmoqda. Har kuni aholiga 400-500 kg. atrofida sifatli go’sht va go’sht mahsulotlari yetkazib berilyapti.
Suratda g’olib jamoalarga Faxriy yorliqlar va mukofotlar topshirish jarayoni aks ettirilgan.
O’z muxbirimiz.
“Marg’ilon haqiqati” gazetasidan olindi.