Shrift o'lchami Rang Rasm

YURAKLARGA JO BO’LGAN MEHR

×

 2018-01-30 17:27:20    397

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga

YuRAKLARGA JO BO’LGAN MEHR

(Esse)

Dunyoda shunday kishilar bo’ladiki, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar, el-yurt taraqqiyoti yo’lidagi ulkan tarixiy xizmatlari yillar o’tgani sayin sayqallanib qadri ortib boraveradi. Ana shunday ulug’ shaxslardan biri shubhasiz, Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, mustaqil O’zbekiston davlatining tamal toshini qo’ygan buyuk davlat arbobi Islom Abdug’aniyevich Karimovdir.

U kishining dilbar Farg’onaga, vodiyning takrorlanmas tarixi, o’ziga xos madaniyati, saxiy, saxovatpesha kishilariga o’zgacha mehr-muhabbati mujassam edi. Har safar bu go’shaga tashrif buyurganlarida “Men bu zaminga mutlaqo befarq emasman, taqdirim ham, hayotim ham chambarchas bog’liq” deya takrorlashdan sira charchashmasdi. Balki bunday faxr, iftixor tuyg’usi u kishi turmush o’rtoqlari, zavjai muboraklarini aynan Farg’ona dilbarlari orasidan tanlaganliklari boisidandir.

Bunday dil iqrorlariga u kishining viloyatga har galgi safar chog’larida Respublika “Xalq so’zi” gazetasining viloyatdagi o’z muxbiri, so’ngra viloyatning bosh nashri “Farg’ona haqiqati” gazetasining bosh muharriri sifatida hamrohlik qilganimda guvoh bo’lganman.

Bundan tashqari 2012 yil 14 dekabrda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga u kishi bilan yonma-yon o’tirib raislik qilganimda hamda 2016 yil Prezident saylovi arafasida 11-Farg’ona okrug saylov komissiyasining raisi sifatida Prezidentlikka nomzod I.A.Karimov bilan saylovchilarning uchrashuvini boshqarganimda munosabatlari naqadar samimiyligiga, chin dildan xapqirib xalq oldiga chiqqanligiga ishonch xosil qilganman.

Darhaqiqat, Islom Abdug’aniyevich Respublikaning birinchi rahbari sifatida viloyatlarga ilk safarini o’ta tahlikali, o’t ichida qolgan Farg’onadan boshlaganligini ko’pchilik yaxshi eslaydi. Asli uzoq yillar
to’planib qolgan mojarolar sabab, lekin mesxeti turklari bilan qulupnay janjaliga bog’lanib ketgan Farg’ona voqealari avjiga chiqqan kunlari, O’zkompartiya Markaziy Komitetitining birinchi kotibi etib saylanganligining ertasiga ehtiroslar junbushga kelgan, olov ichida ingrayotgan Farg’onaga keladi.

Aeroportdan to’ppa-to’g’ri mesxeti turklari zich istiqomat qiladigan Cheksho’ra qishlog’iga yo’l oladi. Biri kabinetiga, ikkinchisi obkomning yerto’lasiga yashirinib olgan viloyat rahbarlari u kishiga hamroxlik qilishga ham ulgurmaydi. Mojarodan aziyat chekkanlar bilan ham, to’polonni boshqarib turganlar bilan ham bosiqlik, vazminlik, sharqona diplomatiya usulini qo’llab suhbatlashadi. Marg’ilon, Rishton, Qo’qon shaharlarida bo’lib aholini, tarafkashlarni tinchitish yo’llarini topadi. Birinchi rahbar bilan yuzma-yuz suhbatlashgan aholida muammolarni hal bo’lishiga ishonch paydo bo’ladi. Sekin-asta olov suv sepilganday so’na boshladi.

Prezident har gal Farg’onaga tashrif buyurganida albatta mamlakat miqyosidagi chigal muammolarni, dehqonlarni, oddiy odamlarni o’ylantirayotgan hal qilinishi dolzarb bo’lgan masalalarni o’rnida hal qilib berishar edi. 1991 yilning kech kuzi. Mamlakat endigina atak-chechak bo’layotgan kezlar. Islom Abug’aniyevich Farg’ona aeroportidanoq u kishini kutib olgani chiqqan barcha rahbarlarga, kuzatuvchilarga javob berib yuboradi. Hokimiyat tomonidan belgilangan tashrif yo’nalishiga amal qilmay, yaqindagi xo’jalikka borish istagini bildirishdi. Mehmonlar kutilmagan marshrut bo’yicha Farg’ona tumanidagi Bobur nomli jamoa xo’jaligiga yo’l olishdi. Xo’jalik raisi Aloviddin Sattorov Satkak qishlog’i yaqinidagi dalalarda kuzgi-qishki ishlarni bajarilishini nazorat qilib yurgan ekan. Prezident rais bilan qoq shudgorning o’rtasida suhbat qurdi. Mavzu paxtaning xarid narxi haqida borganida Aloviddin aka dadillik bilan “agar paxtaning xarid narxi oshirilmasa, aksariy xo’jaliklar bankrot bo’lishini” dalillar bilan isbotlab berdi. Yurtboshi yonidagi ixchamgina daftarchaga raisning takliflarini erinmay yozib oldi. So’ng «katta rahmat» aytib xayrlashdi.

Oradan bir hafta o’tar-o’tmay O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining paxtaning davlat xarid narxlarini ikki barobar oshirish, bankrot xo’jaliklarni qo’llab-quvvatlash to’g’risidagi qarori e’lon qilindi. Bu tarixiy qaror tufayli mamlakatdagi minglab jamoa xo’jaliklari iqtisodiyoti jar yoqasidan tortib olindi. Kilkillab qolgan xo’jalik iqtisodiy hayotiga qaytadan jon bag’ishlandi.

Ma’lumki, Birinchi Prezidentimizning mustaqillikning dastlabki yillaridagi faoliyati osuda, bir tekis kechmagan. O’sha paytlardagi Oliy Kengashning noyabr oyida bo’lib o’tgan sessiyasi ko’pchilikning yodida bo’lsa kerak. Hokimiyat ilinjida bo’lgan bir guruh ma’lun kimsalar, “birlikchilar” sessiya minbaridan turib u kishiga nisbatan bo’xton va tuhmat toshlarini otishdi.

Ularning qilmishlarini butun O’zbekiston aholisi qahr, g’azab bilan kutib oldi. Farg’onada taniqli publitsist, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist Abdujabbor Xusanov rahbarligida “Prezident sha’nini himoya qilish guruhi” tuzildi. Guruhning tashkilot va korxonalardagi uchrashuvlari, tadbirlari haqida “Xalq so’zi” gazetasida maqola ham berildi.

Kuz kunlaridagi o’sha tashrif so’nggida viloyat hokimligida yig’ilish bo’lib o’tdi. Mashvaratda men guruh faoliyati haqida gapirib berdim. Islom Abdug’aniyevich miyig’larida nim tabassum bilan “xabarim bor” deya fikr bildirishdi. Yig’ilish tugagach meni hokimning xonasida qabul qilishdi. Guruh faoliyati haqida atroflicha surishtirishdi. Men guruh a’zolari ish rejalari haqidagi ma’lumotlarni olgan edim. U kishi 27 kishidan iborat guruhning har bir a’zosini birma bir kim ekanligini, qayerda ishlashini erinmay surishtirishdi. Pirovardida har bir a’zoga o’zlarining minnatdorchiliklarini yetkazib qo’yishni iltimos qilishdi. Shu bilan birga “biror kishi qolib ketsa surishtiraman” deya o’zbekona lutf ham qildilar.

O’tgan asrning oxirlarida ro’y bergan tabiiy ofat, suv toshqini – Shohimardon voqeasi nafaqat vodiy, O’zbekiston balki butun Markaziy Osiyoni junbushga keltirdi. Taxlikali voqeaning ertasiga tong saharda Islom Abdug’aniyevich Farg’onaga tashrif buyurdi. Viloyatda faoliyat ko’rsatayotgan bir guruh jurnalistlar hamrohligida vodiyning Shvetsariyasi deb tan olingan, lekin ayni kunlarda tabiiy ofat iskanjasida qolgan Shohimardonga yo’l oldik. Vodil qishlog’idan o’tishimiz bilanoq kutilmagan ofat qoldirgan ayovsiz asoratlar ko’zga tashlana boshladi. Azaldan tinch oqadigan Shohimardon soy qafasdan chiqqan yo’lbarsni eslatardi. Umbaloq oshayotgan qora bo’tanali to’lqinlar daryo o’zanidan chiqib ketadiganday hayqirardi. Ma’lumki, Shohimardonga qo’shni Qirg’izistonning hududidan 22 kilometr yo’l bosib boriladi. Qiziljar qishlog’iga borganimizda Shohimardonsoyni yoqalab ketgan 3 kilometrlik yo’lni toshqin butunlay yuvib ketgan ekan. Mashinalar eski tog’ yo’li bag’ridan sekin-asta yuqorilab bordi. Ba’zi joylarda piyoda yurishga to’g’ri keldi. Yurtboshi hamma qatori tog’ so’qmoqlarini oralab Shohimardonga yetib bordi.

Qishloq markazini umuman tanib bo’lmas edi. Kuchli sel tosh-
qini tog’lardagi quloch-quloch, odam bo’yi keladigan toshlarni yumalatib kelgan, asriy daraxtlar qulab hammayoqni vayron qilib yuborgan edi. Islom Abdug’aniyevich birma-bir seldan aziyat chekkan xonadonlarda bo’lib ko’ngil so’radi, ularni davlat hech qachon yolg’iz qo’ymasligini, har tomonlama yordam berishini qayta-qayta tushuntirdi. Shundan so’ng markazdagi omon qolgan yagona bino qishloq vrachlik punkti hovlisida qishloq faollari, toshqinni bartaraf etishga yordamga kelgan ko’ngillilar, harbiy qismlar vakillari bilan yig’ilish o’tkazildi. Bu yerda ham asosiy masala aholini himoya qilish, yetkazilgan zararni qoplash, tez kunlarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari haqida so’z bordi. Yig’ilish pirovardida Yurtboshi “daryoning eski o’zani qayerdan oqqan deb so’rab qolishdi”. Dabdurustdan berilgan savol ko’pchilikni o’ylantirib qo’ydi. Haqiqatdan ham bu masala haqida biror bir kishi o’ylab ko’rmagan ekan. Shunda qishloqning ko’pni ko’rgan oqsoqollaridan birini aytib kelishdi. U kishi daryo avvallari qishloq chekkasidagi tog’ yonbag’ridan o’tganligini, keyinchalik Oqsuv va Ko’ksuv daryolarini markazning yuqori qismida birlashtirilib qishloqning o’rtasidan daryo olib o’tilganligini aytib berdi. Shuning natijasida daryo suvi o’z o’zanidan oqmay markazdagi hamda quyida joylashgan xonadonlarni sel yuvib ketganligi ko’pchilikka ayon bo’ldi.

Shundan so’ng Islom Abdug’aniyevich shasht bilan o’rnilaridan turib “Qani otaxon bizni o’sha eski o’zanga boshlang” deb tog’ bag’riga qarab seldan ko’pchib yotgan loylarga ham e’tibor bermay to’pig’idan suv kechib ota ko’rsatgan joyga qarab yo’l olishdi. Haqiqatdan ham tog’ yon bag’rida Shohimardon soyning eski o’zani yaqqol ko’zga tashlanib turardi. «Men irrigator emasman, lekin ota-bobolarimiz daryo eski o’zanidan yanada albatta oqadi deb aytishadi. Daryoni endi mana shu eski o’zaniga burasizlar. Shunda suv xonadonlarga yoyilmay bemalol o’z o’zanidan oqadi” deb topshiriq berishdi.

Ana shunday qilib Shohimardonsoy Yurtboshining oqil taklifi bilan yana eski o’zaniga burildi. Ikki daryo qo’shilgan joyda esa qishloqning istirohat bog’i, su’niy ko’l, bolalar maydonchalari paydo bo’ldi. Bu esa qishloqning qiyofasini butunlay o’zgartirib yubordi.

Islom Abdug’aniyevich o’zining butun faoliyati davomida yurtimizda o’tgan ulug’ allomalar, din peshvolari, mutafakkirlar, shoirlar, adiblarning nomlarini tiklash, ularning qoldirgan meroslarini avlodlarga yetkazish borasida ham asrlarga tatigulik ishlarni amalga oshirdilar. Birgina Ahmad Farg’oniy, Burhoniddin Marg’iloniylarni o’z xalqi bag’riga qaytishini olsak, shu ishlari uchun ham Prezidentimiz tarixdan abadiy joy oladi.

Ma’lumki, o’tgan asrning oxiri va XXI asrning boshlarida yurtimiz tarixidagi bu ulug’ allomalarning yubileylari o’tkazildi. Prezident yubileylar oldidan tadbirlarga qanday tayyorgarlik ko’rilayotganligini o’z ko’zlari bilan ko’rib, qimmatli maslahatlarini berishar edi. Ahmad Farg’oniy yubileyidan oldin u kishi Quva tumanida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Allomaga Quva tepaligida qo’yilayotgan yodgorlikni ko’rib, biroz o’ylanib qolishdi. Farg’ona shahrida Ahmad Farg’oniyga yulduzlar jadvalini ushlab turgan holdagi haykal qo’yish rejalashtirilgan edi. Quvada esa ramziy qabr barpo qilish ko’zda tutilgan. Shunda u kishi bu yerga asosan yoshlar, mehmonlar, ayniqsa yangi hayotga qadam qo’yayotgan kelin-kuyovlar tashrif buyuradi. Nima ular tepalikka chiqib, ramziy qabrga sajda qilishadimi, deb mutasaddilarga savol berishdi. Haqiqatdan ham bu haqda hech kim o’ylab ko’rmagan ekan. U kishi bu yerga ham ulug’ bobomizning mo’ysafid davrini eslatuvchi, hassa tayanib uzoq-uzoqlarga yurtining baxtli kelajagiga qarab turgan siymo haykalini
qo’yishni tavsiya qilishdi. Kimdir qabrning atrofiga sakkizta kolonna qo’yiladi, haykalni uni ichiga qo’yish qanday bo’lar ekan deb qoldi. Shunda Yurtboshi maketdagi kolonnalarni oldi qismida turgan ikkitasini olib tashladi. Minoraning oldi ochildi. “Mana oltita kolonna qolsa haykalni yon tomonidan bezab turadi”. Boz ustiga yodgorlikning salobati ham ortadi deya kulimsirab taklif berishdi.

Hozirgi kunda Quva tumanidagi Ahmad Farg’oniy majmuasida Birinchi Prezidentimiz tomonidan tavsiya qilingan haykal salobat solib turibdi. Uning poyidan yoshlar, mehmonlar, ayniqsa yangi hayotga qadam qo’yayotgan kelin-kuyovlarning oyog’i uzilmaydi.

Ma’lumki, Burhoniddin Marg’iloniy tavalludining 910 yilligini hamda Marg’ilonning 2000 yilligini o’tkazish tashabbusi ham Islom Abdug’aniyevichdan chiqqan edi. Aytishlaricha dastlab majmuani shaharning markaziy maskanlaridan biri – Go’riavval mahallasida barpo etish rejalashtirilgan ekan. Keyinchalik bu loyihaga ham Birinchi Prezidentimiz g’oyat qimmatli takliflar berishgan. U kishi majmuani shaharning markazida emas, balki kirish qismida barpo etish muhimligini chunki odamlar shaharga qadam qo’yish bilan Burhoniddin Marg’iloniyning kimligini, u kishining xalqimiz fani, madaniyati, oldidagi xizmatlarini yaqqol xis qilib turishlari kerakligini aytishadi. Ana shunday joylardan biri sifatida vokzal oldi maydoni va shaharning janubiy darvozasi hisoblangan yo’lni tavsiya qilishadi. Chunki vokzaldan shaharga tushib kelgan hamda Farg’ona va Qo’qon shaharlaridan tashrif buyurayotgan kishilar dastavval Burhoniddin Marg’iloniy majmuasini, uning “Al-Hidoya” kitobini ziyorat etib, so’ngra shaharga qadam qo’yishlarini ko’zda tutgan ekan.

Mana hunarmandlar va tadbirkorlar shahriga qadam qo’yayotgan yuzlab mehmonlar, sayyohlar albatta Burhoniddin Marg’iloniy majmuasini, uning hadis ilmining gultoji bo’lgan “Al-Hidoya” kitobini ziyorat qilib so’ng-ra shaharga kirib kelishadi.

O’ylab ko’ring, mustaqillik yillarida yurtimizdagi poytaxt, markaz maqomiga ega bo’lmagan qaysi shaharda ikkita yirik tadbirlar bo’lib o’tdi. Bu ham albatta Yurtboshini Marg’ilon shahriga, marg’ilonliklarga buyuk muhabbatining ifodasi edi.

Shu o’rinda Birinchi Prezidentimiz tomonidan asos solingan Farg’ona shahrini bosh reja asosida qayta qurish to’g’risidagi tarixiy qarorni eslamay o’tish adolatsizlik bo’lar edi deb o’ylaymiz. Chunki, 2011 yilning 15 noyabr kuni qabul qilingan bu tarixiy hujjat vodiy markazi qiyofasini tubdan o’zgartirib yubordi. Bundan atigi o’n yil avval Farg’onaga tashrif buyurgan kishi uni butunlay taniy olmasligi mumkin. Chunki shahar o’zining bir yuz o’ttiz yillik tarixida ikkinchi hayotini boshladi desak mubolag’a bo’lmaydi. Eng muhimi bundan besh-olti yil avval uchta, to’rtta zavodlarning qora tutini burqsib yotgan 26 gektar maydonda dunyodagi rivojlangan mamlakatlar aholisi ham havas qiladigan bog’ paydo bo’ldi. Bu yerda jahondagi o’nlab mamlakatlardan keltirilgan ellik xil turdagi minglab manzarali noyob daraxtlar barq urib rivojlanyapti. Eng quvonchlisi anashu Bog’i eram markazida Birinchi Prezident tomonidan tamal toshi qo’yilgan Islom Karimov nomidagi madaniyat va san’at majmuasi qad rostlab turibdi.

Biz sizlarga yurtimiz Birinchi Prezidentining Farg’ona bilan bog’liq voqealardan bir shingilini hikoya qildik xolos. Betakror vodiy, uning asriy shaharlari bilan Islom Abdug’aniyevich nomini uzviy bog’lab turuvchi yana o’nlab, yuzlab loyihalarni, tadbirlarni, voqealarni sanab o’tish mumkin. Bu tarixiy ishlarning barchasi ulug’ yo’lboshchini xalqimiz qalbidan joy olishiga, yuraklarga betakror mehrni, iftixorni jo bo’lishiga asos bo’lgan bo’lsa ajab emas.

Nabijon SOBIROV,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.