Shrift o'lchami Rang Rasm

YANGI YIL — YANGI UYLARDA

×

 2017-12-30 06:47:47    472

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo’lgan shaxslarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda mamlakatimiz, xususan shahrimizda ham nogiron shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro’yobga chiqarish, himoya qilish, manzilli ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, ularning uy-joy, maishiy va boshqa yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli hayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha «Go’riavval» MFY, Safil To’da ko’chasi hududida joylashgan Iqtisodiyot kollejining 88 ta xonadondan iborat qayta ta’mirdan chiqqan  binosini nogironligi bo’lgan shaxslar ixtiyoriga topshirish marosimida ham ana shunday 12 nafar ehtiyojmand oilalar vakillari ko’ngli ko’tarildi.

— Yurtboshimizga ming raxmat, deya cheksiz hayajon ila so’z boshladi yangi uy sohiblaridan biri Timur Shperlak. – Ularning cheksiz muruvvatlari ila bugun biz barcha qulayliklarga ega, maishiy texnika jihozlari bilan to’liq ta’minlangan uy-joylarga ega bo’lib turibmiz. –Mustaqil mamlakatimizda inson manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligi, ayniqsa jondan aziz dilbandlarimiz yetarli shart-sharoitlar qo’ynida voyaga yetishlaridan esa yana bir karra mamnunman.

Marosimda so’nggida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoybergenov, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari, Elmira Bositxonova,  Xotin-qizlar qo’mitasi raisi o’rinbosari Gulnora Ma’rupova, viloyat hokimi Shuxrat G’aniyev, O’zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova, viloyat «Nuroniy» jamg’armasi raisi Topvoldi Holdorovlar yig’ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qizg’in qutlab, xonadon sohiblariga tantanali ravishda uy-joy kalitlari hamda shahar hokimligining qimmatbaho sovg’alarini topshirdilar.

Shahar Madaniyat uyi san’atkorlarining dilrabo kuy-qo’shiqlari esa tadbirga yanada o’zgacha ko’tarinki ruh bag’ishladi.

Abdubannob MANSUROV.

D.RAHMONOV olgan suratlar.

“Marg’ilon haqiqati” gazetasidan olindi.