Shrift o'lchami Rang Rasm

Nogironligi bo'lgan shaxslarning mehnat huquqi kafolatlari

×

 2023-07-18 11:11:53    248

PDF yuklash
Chop etish


O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 57-moddasida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi mustahkamlandi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob'ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta'lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 21 dekabrdagi PQ-57-son qaroriga muvofiq:

2022 yil 1 yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berilishi;

nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirilishi;

2022 yil 1 fevraldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritiladigan bo‘sh ish o‘rinlari milliy bazasida aks etib borilishi belgilandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 avgustdagi 486-son “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi tavsiya qilingan kasblar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, ularning samarali mehnati faoliyatini amalga oshirishi uchun ish joylari bilan ta'minlanishi tavsiya etilgan qulay shart-sharoitlarni nazarda tutuvchi:

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan ishchi kasblar va xizmat lavozimlarining namunaviy ro‘yxati (klassifikatori) 1-ilovaga muvofiq;

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning faoliyat yuritishi uchun ish o‘rinlari va kasblarni moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar 2-ilovaga muvofiq;

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan kasblar va lavozimlar ro‘yxati hamda mehnat sharoitlari bo‘yicha tavsiyalar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Mehnat kodeksi (keyingi o‘rinlarda - MK) 4-moddasi 3-qismiga ko‘ra, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida xodimlarning huquqlarini mehnatning muayyan turiga xos bo‘lgan talablar yoki yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, homilador ayollar va boshqalar) to‘g‘risidagi alohida g‘amxo‘rlik bilan bog‘liq holda asoslangan tarzda farqlash, istisno etish, ularga afzallik berish, shuningdek ularni cheklash kamsitish deb hisoblanmaydi.

MK 119-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Quyidagilar ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdir: mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzish va boshqalar. Ya'ni nogironligi bo‘lgan shaxsni aynan nogironlik belgisiga ko‘ra ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mehnat kodeksining bir qator moddalarida nogironligi bo‘lgan xodimlarga alohida kafolat va imtiyozlar berilgan. Quyida shularga to‘xtalib o‘tamiz.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishda nimalar e'tiborga olinishi zarur.

 

1. MK 96-moddasiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga kiradi va davlat ularni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta'minlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasiga ko‘ra ishga joylashish kafolatlanadi. (MK 423-moddasi).

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni 20 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun xodimlar umumiy sonining kamida 3 foizi miqdorida ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi. Masalan, 100 nafar xodim ishlaydigan tashkilotda (mulkchilik shaklidan qat'i nazar) kamida 3 ta ish o‘rni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun band qilib qo‘yiladi.

Qaxramon Giyasov,

Marg'ilon shahar YuXKM boshlig'i