Shrift o'lchami Rang Rasm

MARG’ILON TEATRI TARIXIGA BIR NAZAR

×

 2018-05-30 17:45:49    269

PDF yuklash
Chop etish


Teatr – ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning mazmunidir.

O’zbekistonning qadimiy va navqiron shahri Marg’ilonda Drama teatrining ochilishi, nafaqat shu hududda yashovchi aholini nomoddiy-madaniy merosi balki, butun O’zbekiston musiqa madaniyati va teatr san’ati jamiyatining boyligi sifatida e’tirof etilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 5 avgust kuni O’zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” deb nomlangan ma’ruzasida musiqa san’ati va madaniyatini bir ko’rinishi bo’lgan teatr san’atining o’rni xaqida ham alohida to’xtalib o’tdi.

Bugungi kunda Marg’ilon shahar Drama teatrining ochilishi Prezidentimiz olib borayotgan madaniyat va san’at sohasidagi islohotlarning namunasi deb o’ylaymiz. Shuni aytish joizki, Marg’ilon shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik, qayta qurish, obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlari jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Marg’ilon O’zbekistonni qadimiy shaharlaridan biri. 2000 yildan ziyod boy tarixga ega bo’lgan, ko’xna Marg’ilon asrlar silsilasi ostida o’z qaddini tiklagan. Ulkan tarixiy obida va manbaalarni o’zida aks ettirgan bu shahar boshidan ne-ne kulfatlarni o’tkazib, davr taqozosi bilan yorqin yo’lga chiqib, qaddini ko’tarmoqda. Marg’ilon xalqi o’zining mehnatsevarligi, ishbilarmonligi, mehmondo’stligi, hunarmandchiligi hamda san’atkorlar shahri bo’lganligi bilan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotimizning har bir davrida chuqur iz qoldirib kelmoqda.

Ajdodlarimizning boy va bebaho madaniy merosi – necha ming yillik tafakkuri, ijod va zakovat maxsullari, bugungi kunda musiqa san’ati madaniyatining barcha janrlarida o’z ifodasini topmoqda.

XIX asrning oxirlarida, ya’ni 1891 yilga kelib Marg’ilonda musiqa xavaskorlik jamiyati tuzilib, bunga 131 kishidan iborat bo’lgan mohir sozanda va ashulachilar, askiyachi, so’z ustalari, an’anaviy xalq teatr sahna ko’rinishlarini o’zida ifoda etgan jamoa shakllangan edi.

1890-1917 yillarda Marg’ilonda an’anaviy teatr truppasi tashkil etilib, bu truppaga o’zbek an’anaviy teatrining yirik namoyondasi, raqs san’ati ustasi, O’zbekiston xalq artisti, Yusufjon qiziq Shakarjonov rahbarlik qilganda Farg’ona vodiysida o’z ijrochilik san’ati bilan xalq mehriga tushgan Madali xofiz Raxmatullayev, Abdujalil hoji, Mamajon Maxsim Umrzaqov, Sulaymon qori Mirzaraximov, Erka qori Karimov, Usta Olim Komilov, Muxiddin qori Yoqubov, Axror qori Xasanov, Boltaboy Rajabov, Mamatbuva Sattorov, Usmon qori Raximbekovlar kabi san’atkorlar ishtirokida “Kelin tushdi”, “Mamayusuf”, “Bola o’qitish”, “Sur’at ko’rsatish”, “Shayton”, “O’lik sotdi”, “Dor o’yin”, “Muddaris”, “Asalari”, “Etti ahmoq”, “Kichkinajon”, “Mirob boshi”, “Xitoylik tabib”, “Mayda-chuyda maxluqlar”, “Toshpolvon xo’kiz”, “Oxunjon qo’rboshi”, “Ilmsiz kuyovning uylanishi”,o’zbek musiqa drama teatri asoschisi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, O’zbekiston xalq artisti Muhiddin qori Yoqubov rahbarligida esa “Boy ila xizmatchi”, “Farg’ona fojeasi”, “Tuxmatchilar jazosi” kabi asarlar ilk bor sahnaga olib chiqilib, aholini ma’naviy-madaniy tafakkurini rivojlantirishda muhim o’rin egallagan.

1915-1916 yillarda Marg’ilonda mahalliy aholi yordami bilan “Dersen” kinoteatri ochilib, bu kinoteatr qoshida badiiy xavaskorlik va an’anaviy teatr to’garagi tashkillangan. To’garakka mohir musiqachi Qurbon Chorboyev rahbarlik qilgan. Bu badiiy xavaskorlik va an’anaviy teatr shu davrdan boshlab, Marg’ilon shahridagi ilk madaniy shaxobcha bo’lib, san’atni barcha sohalarida faoliyatlarini rivojlantirib, xalqning hurmatini qozona boshlashgan.

XX asr boshlarida Oxunjon qiziq Xuzurjonov, Tamaraxonim, Jo’raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Nurxon Yo’ldoshxo’jayeva, Mukarrama Turg’unboyeva, Boboraxim Mirzayev, Saodat Qobulova, Berta Davidova, Gavxar Raximova kabi san’atimizning yorqin yulduzlari kirib keldi. Bu san’at darg’alari ijodiy faoliyatiga nazar tashlasak, Yusuf qiziq Shakarjonov 1888-1892 yillari “Chodir xayol” qo’g’irchoq teatrida, 1904 yilda Toshkentda Mullaboy Mansurov sirkida, 1926-1928 yillari o’zbek davlat etnografik ansambllarida, Muxiddin qori Yoqubov 1926 yil Samarqandda davlat sayyor konsert etnografik truppasini tashkil qilgan, shu konsert etnografik truppa zaminida 1929 yili Tamaraxonim bilan birgalikda O’zbek davlat musiqali drama teatrini tashkil qilgan va unga direktor, badiiy rahbar bo’lib, 1933 yilgacha ishlagan.

1930 yili Farg’ona viloyati “Musiqali drama va komediya teatri” tashkil topishi munosabati bilan Marg’ilon an’anaviy teatr truppasi ushbu teatrga birlashtirildi. 1925-1927 yillari Marg’ilon shahrida “Atlas” va “Ipak” ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, bu korxonalar tarkibidagi shahobchalar qoshida badiiy xavaskorlik va an’anaviy teatr to’garaklari mavjud bo’lgan. Bu to’garaklarda Marg’ilon shahrida o’z san’ati bilan el ardog’ida bo’lgan Xolmatjon Qurbonov, Nazirjon Kamolov, Mamasiddiq Madaliyev kabi ustozlar musiqa rahbari bo’lib ishlagan. 1956 yilga kelib ishlab chiqarish korxonasiga qarashli bo’lgan badiiy xavaskorlik jamoasi binosi shahar madaniyat uyiga olib berilib, bu madaniy markaz, XIX asr boshlarida Marg’ilon san’atkorlari safida professional teatr soxasiga kirib kelgan birinchi o’zbek raqqosasi o’n olti yoshida san’at qurboni bo’lgan Nurxon Yo’ldoshxo’jayeva nomi bilan atalgan.

Marg’ilon teatriga shu davrlarda bosh rejissyor sifatida Ahmadjon Nishonov rahbarlik qildi. Teatr o’z ish faoliyati davomida professional an’anaviy teatr uslublarini o’zida saqlagan holda ish olib borib, jamoada Xanifa Shodmonova, Dadaxon Xidoyatov, Erkin Umaraliyev, Xakimjon Qurbonov, Sora Ashurova, Oysha Mirzaraximova, Ikromjon Maxmudov, Adxamjon Oxunov, Xabibulla Oltinov, Karomat Sultonova kabi xavaskor aktyorlar tomonidan Yaxyoxon Mamatxonovning “Boqi bilan Soqi”, Shukur Sa’dullaning “Dalada bayram”, “Mening aziz qishlog’im”, Ibroxim Axmedov va A.Tolipovlarning “Gumon”, X.X.Niyoziyning “Zaxarli xayot” kabi sahna asarlarini namoyish etishgan. Qisqa muddat ichida Marg’ilon teatriga 1959 yili 10 oktyabrda O’zbekis- ton Respublikasi Madaniyat vazirligi qarori bilan “Xalq xavaskorlik teatri” unvoni berildi. Teatr qoshida saxna asarlarini badiiy g’oyaviy mazmunini ochib berishda Mamasiddiq Madaliyev va Iskandar Qalandarov boshchiligidagi moxir sozandalar Xanifa Shodmonova, Oysha Mirzaraximova, Shokirjon Ergashev, Tillaxon Azimov, Zaylobiddin Yusupov, Qayumjon Eshmatov, Nazirjon Kamolov, Tojimamat Yusupov kabi teatr cholg’u ijrochilarining mehnatlarini alohida ta’kidlab o’tish lozim. Mamasiddiq Madaliyev ansamblga rahbarlik qilish bilan birga, saxna asarlariga musiqalar bastalab, sahna ko’rinishiga badiiy tus bergan.

Marg’ilon “Xalq xavaskorlik teatri”da bosh rejissyor Ahmadjon Nishonov va rejissyor yordamchilari Hakimjon Qurbonov, Foziljon Qo’chqorovlar tomonidan G’ayratiyning “Kutilmagan kelin”, Yoqub Qayumovning “O’g’il”, Ma’ruf Madisovning “Baxt kulib boqqanda”, Uyg’unning “Shubha”, “Qopqon”, Sharof Rashidovning “Bo’rondan kuchli” asarlari sahnalashtirilib, tomoshabinlarga xavola etilgan.

Marg’ilon “Xalq xavas- korlik teatri” maktabini o’tagan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ikromjon Maxmudov uzoq yillar davomida Jizzax viloyati drama teatrida bosh rejissyor lavozimida faoliyat ko’rsatdi. O’zbekiston xalq artisti Shokirjon Ergashev O’zbekiston teleradiokomiteti qoshidagi Maqom ansamblida faoliyat ko’rsatib, o’zbek san’ati tarixida o’zlariga xos iz qoldirganlar.

Hozirgi kunda O’zbek teatri o’z an’anaviy qadriyatlarini avaylab saqlagan xolda, jaxondagi ilg’or teatr maskanlari bilan yonma-yon ijod qilib, yangi kamolat cho’qqilariga yuz tutayotgan bir paytda, dunyo xalqlariga ko’z-ko’z qiladigan mukammal, ko’rkam teatr va san’at koshonalari qurilayotganligi o’zbek xalqining ijtimoiy-madaniy madaniyati barq urib gullayotganligidan dalolat beradi.

Marg’ilon shahrida tashkil etilgan “Drama” teatri esa bunga yorqin misol bo’la oladi.

Ulug’bek RAHMONOV,

Pedagogika kolleji o’qituvchisi.