Shrift o'lchami Rang Rasm

ASSALOM, BOQIY BAYRAM, NAVRO’ZI OLAM!

×

 2018-03-30 10:28:25    384

PDF yuklash
Chop etish


Yana Navro’z keldi

O’zbekistonga,

Iqbol qo’shig’ini

boshladi qushlar…

Ha, bugun jannatmakon ona O’zbekistonimiz betakror bahoriy zebolik og’ushida. Borliq yashil, moviy pushti va qizil ko’ylak kiyib yasanib olgan nozaninlardek fusunkor. Tongdayoq odamlarni karnay-surnayu, doira va qo’shnog’oraning jo’shqin sadolari Navro’zi olam shodiyonlariga chorladi. Hattoki, onasi yoki otasi ko’tarib olgan chaqaloqlar yuzi-ko’zida quvonch, bugun o’zgacha ko’tarinki kayfiyatda. Ular bayram quvonchidan shodlanayotgan ota-onalarining xushnud chehralariga qarab jilmayadilar. Shahar Yoshlar xiyoboni bolalar, ayollar, otaxonu onaxonlar bilan gavjum…

So’lim bog’ning mahobatli darvozasidan kiraverishingiz bilanoq shahar yoshlar Ittifoqining bir guruh faol yoshlari ijrosidagi sho’x navolaru dilbar raqslar yuragingizga jo’shqin hayrat ulashadi. Zum o’tmay yoshlar safiga shodiyona shodliklarini qalblariga sig’dirolmayotgan otaxonu onaxonlar ham qo’shilib, davra kengaygandan kengaydi.

– Shunday bayramda o’ynamay bo’ladimi? Ming shukur osmonimiz musaffo, bolalarimizu nabiralarimiz bag’rimizda baxtiyor. Bu davrada xuddi yigirma yashar yigitning g’ayrati bordek his qildim o’zimni. Alloh bizga shunday munavvar kunlarni nasib etibdiki, uning shukri beadaddir, — deydi mehnat faxriysi Alijon Shukurov.

Atlasu adraslar, rangin sharchalar bilan bezatilgan uzun yo’lkalarning har ikki tomonidan bolajonlar o’z qo’llari bilan chizgan suratlar o’rin olgan. Men mahorat bilan rasm chizayotgan qizaloqning hali siyohi qurimagan suvratini qo’limga olaman.

– Men 9-Bolalar musiqa va san’at maktabida tahsil olaman. Bugun o’z suratimda Navro’zoyni tasvirlayapman deydi, — Muniraxon Fozilova. — Navro’z naqadar ulug’ bayram. Uni nafaqat ajdodlarimiz, balki biz yoshlar ham sevamiz. Nazarimda Navro’z ayyomi kuni tabiat yanada go’zal bo’lib ketadi. Men lojuvard osmon, yashil tabiat, gullayotan daraxtlarni chizayotganimda turfa ranglardan foydalanaman. Juda ishtiyoq va quvonch bilan rasm chizganimdan bo’lsa kerak ranglar uyg’unlashib, suratim ham juda ajoyib chiqadi.

– Bugun Navro’z ayyomi uchun pazanda va chaqqon qizlarimiz yordamida turli xil Navro’z taomlari tayyorladik. Ko’k chuchvara, ko’k somsa, ko’k manti va patirlar hamda taomlar shohi sumalak ham pishirdik. Quvvat baxsh etuvchi salatlar tayyorladik. Xuddi momolarimizga o’xshab sochlarimizga tolbargaklar ham taqib oldik-deydi bank kollejining bir guruh sumanbar qizlari.

– Navro’z nafaqat go’zallik bayrami, balki u ma’rifat bayrami hamdir. Biz bugun yurtdosh- larimizga ziyo ulashib, 100 dan ziyod yangi badiiy asarlar olib chiqdik. Qiziqqanlarni kitoblar bilan tanishtiryapmiz. Bizni quvontirgan narsa shuki, yurtdoshlarimiz kitobga befarq emaslar. Biz kitob shaydolarini kutubxonamizga taklif etdik- deydi kollej ARM mutaxassisi Mahfuza Shokirova.

– Farzandim – sport maktabida o’qiydi. Bugun sahnada o’z mahoratlarini namoyish etishadi. Uning iqtidorini ko’rish va uni yanada rag’batlantirish maqsadida bayram namoyishiga tashrif buyurdim. O’g’lim kelajakda xuddi Shahram G’iyosovdek mashhur bokschi bo’laman, – deydi yosh bokschi Ibrohimbek Norbekovning onasi Dilnoza Norbekova.

– Karnay-surnay sadolari bizning Toshloqqa ham eshitildi — deydi hazilomuz bir onaxon. Yoshim 68 da. Jon qo’shnimiz marg’ilonliklarning quvonchlariga sherik bo’lgani nabiralarim bilan tashrif buyurdik, — deydi Toshloq tumani faoli Kimyoxon Saidova. Mana nabiralarim ham juda xursand. Ilohim, shukuhli kunlarimiz ko’p va bardavom bo’lsin. Eng oliy ne’matimiz tinchligimizga ko’z tegmasin..

– Men yoshligimdan gul parvarishi bilan shug’ullanaman. Gul o’z nomi bilan gulda. Unga bir asir bo’lsangiz, umrbod gullar shaydosiga aylanasiz. U nafaqat kayfiyatni ko’taradi, balki kishiga estetik zavq ham bag’ishlaydi. Men bugun begonya, geran, agava, fikus kabi noyob va juda go’zal gul turlarini ko’rgazmaga olib chiqdim-deydi gulchi Islombek Obidov. Menimcha odamlar orasida gulni sevmaydigani bo’lmasa kerak. Gullarimga hamma havas bilan qarayapti.

Tosh ko’tarayotgan polvonlaru, qildek ingichka arg’amchi ustida turli tamoshalar ko’rsatayotgan dorbozlar , ertak qahramonlari qiyofasini yaratib olgan quvnoq bolakaylar o’yinlari, 10 turdan ziyod attraksionlar tongdan to kechgacha kattalaru kichiklarga quvonch, bayramona kayfiyat ulashdi. Bog’chalaru maktablar, kollej o’quvchilari esa o’zlarining bayram ko’rgazmalarini namoyish etdilar.

Darhaqiqat, Navro’z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o’zida mujassam etgan, millat bilan ul-g’ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!

Dunyodagi jamiki shodlik, mehru oqibat, tinchlik va farovonlik tuyg’ulari ko’ngillardan ko’zlarga, yuzlarga ko’chgandek go’yo. Qalbidagi bor quvonchini varragiga qo’shib yuksak samolarga baland parvoz ettirayotgan, ayniqsa xiyobonda tashkil etilgan turli attraksion va arg’imchoqlarda miriqib uchayotgan bir-biridan shirin bolajonlarni ko’rgan kishining vujudi esa allanechuk hayajondan hapqirib ketadi… Bayram yarmarkalari dasturxonlarini bezab turgan sumalak, ko’k somsa, ko’k chuchvara kabi bir-biridan lazzatli bahoriy taomlar esa o’zining yoqimli hidi bilan kishi ishtahasini qitiqlab yuboradi.

Bir tomonda Marg’ilonning yuzi, go’zal husni sanalgan jilvakor xonatlasu adras kabi milliy liboslari xushbichim qomatiga yarashgan, boshlariga bahordek barq urib turgan iroqi do’ppilar kiyib olgan kumushbibidek lobaru dilbar qizlar boy milliy etnografik qo’shiqlarimizdan xirgoyi qilib, ko’ngillarga yanada o’zgacha quvonch ulashishgan bo’lsa, yana bir tomonda ota-bobolarimizdan meros bo’lgan oppoq yaktagu choponlar kiygan, belida belbog’i bor alpqomat yigitlar o’zbek milliy o’yinlarimizdan sanalgan arqon tortish musoboqasida o’zaro bellashdilar.

Shahardagi bir qator ibratli va namunali mahallalardan tashrif buyurgan mo’ysafid, ko’ng-li bolalardek beg’ubor nuroniy otaxonlar, suvratiyu siyratidan nur yog’ilib turadigan hoji onalarning duoyi fotihalari esa ayyomga yanada o’zgacha ruh bag’ishladi.

— Yoshim oltmishdan oshdi, biroq quvonchi ichiga sig’may miriqib o’ynayotgan nabiralarimni ko’rib beixtiyor o’zim ham bir zumga bolalik chog’larimga qaytgandek bo’ldim, -deydi bayram tadbiri ishtirokchisi Turg’unboy Tursunov. – Ming shukr, har kuni cheksiz shodiyonalarga limmo-lim bo’lgan mana shunday tinch va farovon, mustaqil yurtda farzandlar, shirindan shakar nabiralar ardog’ida yashayapmiz. Musaffo osmon ostida o’tayotgan har kunimiz Navro’z, har kunimiz to’y-u tantana…

Ha, osuda kunlar, qadimiy va boqiy bayram shukuhi keksa-yu yosh ko’nglida birdek mavj urmoqda. Butun borliqda fusunkor bahorning latofatli husni, haroratli nafasi hukmron.

Bayram sayli davomida shahardagi bog’cha, maktab va kollejlardan tashrif buyurgan murabbiy, o’qituvchi va o’quvchilar noyob turfa gullar, o’z qo’llari bilan yasagan va tikkan yumshoq o’yinchoqlar, iroqi do’ppilaru, atlas-adras matolardan tikilgan sharf, shaklli yostiqchalar, choynak tutqich va yopqich, yelpig’ich kabi buyumlardan ko’rgazmalar namoyish etdilar.

Shuningdek, so’lim shohimardondan tashrif buyurgan mohir darbozlar qildek ingichka arqonlar ustida, davralarda kuragi yerga tegmagan nomdor polvonlar murosasiz kurashlarda, barchaga birdek tabassum ulashadigan masxarabozlar esa turli ko’ngilochar chiqishlari orqali tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo’ldilar.

Bayram dasturi viloyat, shuningdek poytaxtdan tashrif buyurgan el ardog’idagi bir guruh xonandalarning diltortar xonishlari, qiziqchiyu askiyachilarning ko’ngilochar xandalari bilan yanada sermazmun tarzda o’tdi. Ayyom munosabati bilan mohir oshpazlarimiz tomonidan doshqozonlarda milliy taomimiz — palov tayyorlanib, bayram tadbiri ishtirokchilariga tarqatildi.

Shu kuni Navro’z ayyomi chinakam xalq sayliga aylanib, hamshaharlarimiz cheksiz quvonch va qadriyatlar og’ushida xurramlik nashidasini surdilar.

Quyosh zartolalarini ona zamindan yig’ishtirib olib, yotog’iga yo’nalganda ham bog’dagi bayram tantanalari davom etaverdi. Navro’z vasfini, ona diyorni, mustaqillikni sohir ovozlari ila jo’shib madh etayotgan Marg’ilon hofizlarining dilbar navolari Vodiy osmonini tutdi.. Barchaning qalbida esa bir mushtarak istak jo’sh urdi.

Aslo zavol ko’rma suyugim elim,

Gullayversin mangu bog’ingda bahor!

Masturaxon Saidmurodova,

Abdubannob MANSUROV,

«Marg’ilon haqiqati» muxbirlari.

Abduhakim RAHMONOV olgan suratlar.