Shrift o'lchami Rang Rasm

HUNARMANDLAR MAVZESI

×

 2018-03-01 08:17:58    326

PDF yuklash
Chop etish


Bunyodkorlik

HUNARMANDLAR MAVZESI

shahrimizning eng diqqatga molik go’shalaridan biri, sayyohlik va dam olish maskaniga aylanadi

SO’Z VA ISh BIRLIGI

Bugun yurtimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Barcha hududlardagi beqiyos ko’lamdagi iqtisodiy, ijtimoiy qurilish ob’ektlari, obodonlashtirish ishlari buning yorqin tasdig’idir. Xususan, qadimiy va navqiron shahrimizda ham bunyodkorlik borasida ulkan rejalar amalga oshirilmoqda. Xususan, shahar Madaniyat va istiroxat bog’idagi bunyodkorlik ishlari yakunlanish arafasida turibdi. Ayni paytda davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning o’tgan yili shahrimizga tashrifi chog’ida Marg’ilonda milliy hunarmandchilik va turizmni rivojlantirish maqsadida hunarmandlar mavzesini barpo etish borasidagi topshiriqlarini ham ijro etishga kirishildi.

Eng avvalo bu topshiriqlarga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Farg’ona viloyatining Marg’ilon, Qo’qon shaharlari va Rishton tumanida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash uchun shahar hokimining tegishli qarori asosida temir yo’l ko’prigidan temir yo’l vokzaligacha bo’lgan “Xiyobon” ko’chasida 17 gektar yer maydoni hunarmandlar mavze (shaharcha)si qurilishi uchun ajratildi. Bu yerda mavjud eski binolar buzilib, qurilish ob’ektlari uchun yer maydonlarini tayyorlash, kommunikatsiya ishlarini bajarish borasida astoydil harakat boshlandi. Bir so’z bilan aytganda shahrimizda zamonaviy va milliy an’analar uslubida muhtasham hunarmandlar mavzesi barpo etish boshlab yuborildi.

Ta’kidlash joizki, yangi, muhtasham shaharchani barpo etishdagi so’z va ish birligini ta’minlashda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini ro’yobga chiqarish doirasidagi chora-tadbirlarning so’zsiz, o’z vaqtida va sifatli ado etishga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim omil bo’lmoqda.

INSON MANFAATLARI – ASOSIY MEZON

Shahrimizning janubiy darvozasi bo’lgan temir yo’l vokzaliga hamohang barpo etiladigan Hunarmandlar mavzesi eng avvalo aholi manfaatlarini ro’yobga chiqarishni nazarda tutadi. Zero, bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, dam olish va sport majmualari qad rostlaydi.

Jumladan, 6340 kvadrat metr maydonda sayyohlar uchun mehmonxona barpo etiladi. “Karvon” buyuk ipak yo’li kompozitsiyasi shaharcha ko’rkiga ko’rk qo’shadi. Hunarmandlar, majmuada ishlayotganlar uchun dam olish, madaniy-maishiy xizmat ko’rsatish ob’ektlari barpo etiladi. Masalan, hunarmandlar mavzesida har biri 1400 kvadrat metrli to’rtta milliy taomlar shahobchalari, 125 kvadrat metr hajmdagi to’rtta musiqali favvora qad rostlaydi.

Rejalashtirilgan ob’ektlar orasida Muz saroyi kompleksi, “Gimnastika” sog’lomlashtirish sport majmuasi alohida ahamiyatga ega. Zero bu komplekslardaan biri – Muz saroyi shahrimizdagina emas, viloyatimizda ham ilk qishki sport majmuasi bo’ladi. Bu yerda figurali uchish, konkida uchish, xokkey kabi qishki ommaviy sport turlari bilan shug’ullanish imkoniyati tug’iladi. Demak, barpo etilajak sport majmualari bolalar bilan bir qatorda barchaga  ham cheksiz quvonch bag’ishlashi shubhasiz.

YaNGI IMKONIYaTLAR

Ma’lumki, yurtimiz beqiyos madaniy meros ob’ektlari, osori-atiqalari bilan dunyoga mashhur. Shu bois keyingi yillarda diyorimizda turizm sohasiga jahon brendlarini faol jalb etgan holda ziyorat, etnografik, gastronomik turizm tarmoqlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Shu o’rinda shahrimizda barpo etiladigan hunarmandlar mavzesi yanada jozibali ahamiyat kasb etadi.

Chunki, bu yerda nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarni ham qiziqtiradigan ajoyib ob’ektlar barpo etiladi. Ulardan eng muhimi qadimiy hunarmandlik ustaxonalari barpo etish bilan bog’liq. Shahrimizda esa asrlar davomida ota-bobolari kasbini e’zozlab, davom ettirib kelayotgan mashhur hunarmandlar sulolalari ko’p. Yangi mavze ularga va barcha jismoniy hamda yuridik shaxslarga milliy, an’anaviy usullarda ustaxonalar ochish, yangi hunarmandlik sexlari barpo etish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari majmuada hunarmandlar uchun muhtasham mahsulotlar Ko’rgazmalar saroyi ham quriladi. Shahrimizga tashrif buyuradigan sayyohlarni qabul qilish, sayohatlarini ko’ngilli o’tkazishiga esa yuqorida ta’kidlanganidek zamonaviy mehmonxona, ovqatlanish shahobchalari, istirohat va sport majmualari munosib xizmat ko’rsatadi. Ularga, ayniqsa xorijiy sayyohlarga shahrimizning tarixiy me’moriy obidalari, osori atiqalari bilan birga ajdodlarimizning qadimiy hunarlari, mahsulotlari va oshpazlik mahoratlarini namoyish qilsak, turistlar oqimi tobora ko’payib boraveradi.

Bu esa mahalliy tadbirkorlarimiz, usta hunarmandlarimiz faoliyatini yanada kengaytiradi. Sayyohlik rivojlangan joyda esa mahalliy byudjetga qo’shimcha daromad keladi.

Xulosa o’rnida ta’kidlash mumkinki, shubhasiz barpo etilajak hunarmandlar mavzesi shahrimizning eng diqqatga sazovor ko’rkam, obod go’shalaridan biriga, jozibali sayyohlik va dam olish maskaniga aylanadi. Ko’zlangan reja va maqsadlarni ro’yobga chiqishiga esa shahrimizdagi hunarmandlar sulolalari, tadbirkorlarning qiziqishi, bu yerda o’z ustaxona va sexlarini, xizmat ko’rsatish va madaniy-maishiy ob’ektlarini ochish uchun amaliy sa’y-harakatlari, viloyat va shahar hokimliklari tomonidan yaratilayotgan qulay, imtiyozli shart-sharoit va imkoniyatlar ishonchli kafolatdir.

M.MIRZAJONOV.