Shrift o'lchami Rang Rasm

2018 YIL XALQIMIZGA XAYRLI KELSIN!

×

 2017-12-30 13:03:34    293

PDF yuklash
Chop etish


Marg’ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayevning shahrimiz ahliga yangi yil tilaklari

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Barcha-barchangizni yuraklarda katta-katta orzu umidlar uyg’otib kelayotgan yangi 2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili bilan chin qalbimdan tabriklayman. Yangi yil hammamizning oilamizga, xonadonimizga quvonchu shodlik, qut-baraka, ulkan muvaffaqiyatlar olib kelsin. Allohga ming shukrlar bo’lsinki, mana shunday muborak ayyomga, ulug’ kunlarga yetib keldik. 2017 yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitildi. Prezidentimiz tomonidan o’tgan yilni shunday nomlanishi mamlakatimiz hayotida yangicha davrni boshlab berdi. Yilning nomiga mos ishlar qilindi. Xalq bilan muloqot chog’ida inson manfaatlari himoya qilindi. Muammolar yechimi topildi, imkoniyatlar izlandi. Bir so’z bilan aytganda, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qiladigan bo’ldi. Butun O’zbekiston xalqi jumladan shahrimiz ahli ham o’tgan yildan behad mamnun va minnatdor. Mamlakatimizda ro’y berayotgan buyuk o’zgarishlar har bir kishini hayratlantirmay qo’ymaydi. Yuraklarni faxru-iftixorga to’ldiradi. Bir qator ezgu maqsadlarimiz ro’yobga chiqdi, orzularimiz ushaldi. Yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarini ko’rib har birimizning dilimiz yayraydi, quvnaydi. Bunyod etilgan ko’zni quvontiradigan binolar ko’plab shahrimiz ahliga nasib etdi. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz ham bunday baxtga musharraf bo’ldilar. Ular Prezidentimizga o’z minnatdorchiliklarini bildirmoqdalar. Bugun barcha sohalarda yutuq va yuksalishlar bo’layotir. Dasturxonlarimiz to’kin-sochin, yurtda ma’murchilik. Kirib kelgan Yangi 2018 yildan esa umidimiz katta.

Aziz ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar! Sizlarni yana bir bor shahar hokimligi nomidan Yangi yil bilan muborakbod etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, baxt-saodat tilayman. Xonadoningizdan baxtu iqbol, quvonchu shodlik, fayzu baraka arimasin. Yangi yilingiz muborak bo’lsin!